O‘zbekistonlik o‘rta tibbiyot xodimlari Italiyada ishlash uchun tayyorlanmoqda
O‘zbekistonlik tibbiyot xodimlarining Italiyada ish tajribasini oshirish loyihasi muvaffaqiyatli davom etmoqda. Ushbu dastur orqali hamyurtlarimizning yuqori daromadli ish o‘rniga ega bo‘lish imkoniyati yanada kengayadi.
Avval xabar berganimizdek, 10 nafar o‘zbekistonlik o‘rta tibbiyot xodimi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi tomonidan Italiyaga 3 oylik ish va tajriba orttirishga yuborilgan edi. Muvaffaqiyatli boshlangan mazkur loyiha yana davom ettiriladigan bo‘ldi.
Bu masala agentlik rahbari Behzod Musayev va Pemonte hududi sog‘liqni saqlash vaziri Federiko Riboldi uchrashuvida muhokama qilindi.
Dastur doirasida Peruja universiteti bilan hamkorlikda Kasbiy ta’lim agentligi tizimidagi texnikumda 6 oylik “Hamshiralarni italyan tiliga o‘qitish kursi” yo‘lga qo‘yildi.
E’lon qilingan tanlov natijasiga ko‘ra, 1615 nomzod Italiyada ishlash istagini bildirib ariza topshirdi. Ular orasidan 85 nafari oliy ma’lumotli, bakalavr yoki magistr darajasiga ega o‘rta tibbiyot xodimlari tanlab olindi.
Qayd etilishicha, qo‘shma ta’limning birinchi bosqichida 41 ishtirokchi “double degree” dasturi orqali o‘qitiladi, sertifikatlarni topshirish jarayoni O‘zbekistonda tashkil etiladi.
Tegishli hujjat olganlar hamkor davlatda yuqori daromadli ishga joylashtiriladi.
G.Sattorova, O‘zA