O‘zbekistonlik matematika olimasi Xalqaro matematika ittifoqi qo‘mitasi a’zoligiga saylandi
AQSHning Nyu-York shahrida Xalqaro matematika ittifoqi Bosh Assambleyasining navbatdagi nufuzli yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Dunyoning yetakchi matematiklari, milliy jamiyatlar rahbarlarini bir davra atrofida jamlagan mazkur xalqaro anjumanda O‘zbekiston delegatsiyasi ham faol qatnashdi.
Yig‘ilish doirasida mamlakatimiz ilmiy hamjamiyati uchun quvonchli va tarixiy voqea yuz berdi. Xorazm Ma’mun akademiyasi bosh ilmiy xodimi, professor Umida Boltayeva IMUning Rivojlanayotgan davlatlar qo‘mitasi a’zoligiga saylandi. Bu munosib e’tirof o‘zbekistonlik matematiklarning jahon ilm-fanidagi nufuzi va o‘rni tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
Shuningdek, nufuzli anjuman muhokamalarida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Matematika instituti laboratoriya mudiri, professor Ravshan Ashurov ham faol ishtirok etdi. Olim xorijlik hamkasblar bilan o‘zaro ilmiy va institutsional aloqalarni mustahkamlash, birgalikda yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qator muhim uchrashuvlar o‘tkazdi.
Tadbir yakunlariga ko‘ra, ushbu xalqaro uchrashuvlar milliy matematika maktabimizning global maydondagi mavqeini yuksaltirish, xalqaro hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirish hamda yosh olimlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishda muhim bosqich bo‘ldi.
Hamroz Bayonov, O‘zA