O‘zbekistonda raqamli faktoring 46 foizga yetdi
Mikromoliya bozori ishtirokchilari faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish departamenti tomonidan 2025-yil davomida amalga oshirilgan ishlar mamlakat moliya tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qildi.
Yil yakunlari bozorda barqaror o‘sish, raqamlashuv jarayonlarining jadallashishi hamda nazorat mexanizmlarining takomillashganini yaqqol namoyon etmoqda.
Markaziy bankning ma’lum qilishicha, 2025-yilda mikromoliya bozoridagi eng muhim yo‘nalishlardan biri — moliyaviy xizmatlar hajmini kengaytirish va yangi instrumentlarni joriy etish bo‘ldi.
Faktoring xizmatlari bozorida keskin o‘sish qayd etildi. 2024-yil yakunida 1,9 trillion so‘mni tashkil etgan ushbu yo‘nalish 2025-yil yakuniga kelib 9,5 trillion so‘mga yetdi. Bu esa bozor hajmi 5 barobarga oshganini ko‘rsatadi.
Kredit axborot tizimida muhim islohot amalga oshirildi. KATM kredit byurosida kredit tarixini saqlash tartibi qayta ko‘rib chiqilib, ma’lumotlar kredit to‘liq yakunlanganidan emas, balki oxirgi to‘lov sanasidan boshlab 5 yil saqlanishi joriy etildi. Bu o‘zgarish natijasida 678 ming nafar potensial mijozning kredit reytingi yaxshilanishiga erishildi.
Davlat ulushi mavjud tijorat banklari ishtirokida 9 ta mikromoliya tashkiloti hamda 8 ta faktoring tashkiloti Markaziy bank reyestrida rasman ro‘yxatdan o‘tkazildi.
2025-yil davomida kredit tashkilotlari tomonidan jami 137 trillion so‘mlik mikromoliya xizmatlari ko‘rsatildi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 54,8 trillion so‘mga yoki 1,7 barobarga o‘sganini anglatadi.
2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, mikromoliya tashkilotlari va lombardlarning umumiy aktivlari 12,5 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 1,5 barobar o‘sish qayd etildi.
Shuningdek, faktoring xizmatlarining 4,4 trillion so‘mi yoki 46 foizi raqamli platforma orqali amalga oshirilgan operatsiyalar hissasiga to‘g‘ri keldi. Bu sohada raqamlashuv jarayonlarining jadal rivojlanayotganini ko‘rsatadi.
Nazorat tizimining kuchaytirilishi bozorda shaffoflikni oshirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda muhim omil bo‘ldi.
2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, nasiya savdo (BNPL) xizmatlari hajmi 10,1 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,2 barobar o‘sish qayd etildi. 2025-yil davomida 12 ta mikromoliya tashkiloti hamda 1 ta lombard faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazildi. Natijada qonunbuzarlik holatlari bo‘yicha jami 638 million so‘m miqdorida jarimalar qo‘llanildi.
Shu bilan birga, 1 ta mikromoliya tashkilotining aktiv operatsiyalari 3 oy muddatga cheklab qo‘yildi, bu nazorat tizimining qat’iy va samarali ishlayotganini anglatadi.
2025-yil mikromoliya bozori uchun barqaror o‘sish, moliyaviy xizmatlar turining kengayishi va raqamli texnologiyalarning keng joriy etilishi bilan xarakterlandi. Shu bilan birga, nazorat tizimining kuchaytirilishi bozordagi shaffoflik va moliyaviy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qildi.
Mutasaddi idoralar tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar kelgusida ham mikromoliya bozorining yanada barqaror va raqobatbardosh rivojlanishiga zamin yaratadi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA