O‘zbekistonda quyosh panellarini sinovdan o‘tkazish laboratoriyasi tashkil etiladi
O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi hamkorlik doirasida Toshkent viloyatining Pskent tumanida quyosh panellarini sinovdan o‘tkazish laboratoriyasi tashkil etiladi.
Bu haqda Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Lazizbek Saidoripov hamda Koreya muvofiqlikni baholash laboratoriyasi (KCL) prezidenti Cheon Yong Gil o‘rtasidagi uchrashuvda ma’lum qilindi.
Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanayotgani qayd etildi. Xususan, 2017–2025-yillarda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1,4 milliard dollardan 1,7 milliard dollarga oshgan. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, Koreya Respublikasi O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida 5-o‘rinni egallagan.

Tomonlar yaqin yillarda o‘zaro savdo hajmini 4 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan. Shu nuqtai nazardan, texnik jihatdan tartibga solish va mahsulotlar sifatini baholash sohasidagi hamkorlikni kengaytirish muhim yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etildi. Muloqot davomida Koreyaning Koreya standartlar va texnologiyalar agentligi (KATS), Koreya muvofiqlikni baholash laboratoriyasi (KCL), Koreya sinov laboratoriyasi (KTL), Koreya sinov va sertifikatlashtirish instituti (KTC), Koreya sinov va ilmiy tadqiqot instituti (KOTITI), shuningdek, Koreya milliy metrologiya instituti (KRISS) kabi ixtisoslashgan tashkilotlari bilan O‘zbekistonda yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik aloqalari ham muhokama qilindi.


Shuningdek, Pskent tumanida qiymati 8 million AQSH dollariga teng bo‘lgan quyosh panellarini sinovdan o‘tkazish laboratoriyasini tashkil etishga qaratilgan grant loyihasini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida loyihani amalga oshirish bo‘yicha tegishli hujjat imzolandi. Mazkur loyiha O‘zbekistonda quyosh panellarining sifatini sinovdan o‘tkazish imkoniyatlarini kengaytirish, zamonaviy laboratoriya infratuzilmasini rivojlantirish hamda ushbu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Hamroz Bayonov,
O‘zA