“Tashabbusli byudjet”da ilk bor deputatlar tanlovi amalga oshiriladi
Bugungi kunda “Tashabbusli byudjet” loyihasi xalqimizni birlashtiradigan, joylardagi muammolar yechimiga xizmat qiladigan katta ijtimoiy loyihaga aylandi. Ushbu loyihaga start berilishi bilan joylarda aholi vakillari, tashkilot va muassasalar faollik ko‘rsatib, muayyan loyihalarga ovoz to‘plash uchun harakatga tushishadi.
Bu yilgi “Tashabbusli byudjet” jarayonlarida ilk bor Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tashabbusiga ko‘ra g‘olib bo‘lmagan loyihalar orasidan tanlangan loyihalar uchun byudjet mablag‘lari ajratilishi amalga oshiriladi.
Gup shundaki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-avgustdagi “Tashabbusli byudjet jarayonlarini takomillashtirish doirasida xalq vakillari va saylovchilar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, “Tashabbusli byudjet” uchun ajratiladigan mablag‘lar ko‘lami yanada ko‘paytirilib, bu jarayonda Qonunchilik palatasi deputatlarining ishtiroki va tashabbuskorligi kengayadi.

Ya’ni, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari har yili “Tashabbusli byudjet” jarayonlari doirasida o‘z saylov okruglarida g‘olib bo‘lmagan loyihalar orasidan ikkita loyihani tanlab, g‘olib deb topadi. Ochiqlikni ta’minlash maqsadida “Ochiq byudjet” axborot portalida deputatlar tanlovi uchun alohida bo‘lim ochiladi va deputatning tanlovni amalga oshirishi aholiga ko‘rinib turadi.
Ta’kidlash lozimki, ayni kunlarda Qonunchilik palatasi deputatlari respublikamizning 200 dan ortiq tuman va shaharlarida mahallama-mahalla o‘rganishlar olib bormoqda. O‘rganishlar davomida xalq vakillari hududlarda tashabbusli byudjet jarayonlari doirasida g‘olib bo‘lmagan, ammo aholi uchun dolzarb hisoblangan loyihalarni o‘rganishga alohida e’tibor qaratmoqda. Aholi bilan ochiq muloqot qilinib, ularning taklif va muammolari tinglanmoqda, birinchi mavsumda g‘olib bo‘lmagan loyihalarning dolzarbligi, aholi uchun qay darajada ahamiyatli ekani obdon o‘rganilmoqda.

Qayd etish lozimki, loyihani tanlashda deputat aholi bilan maslahatlashadi. Qaysi loyiha ijtimoiy ahamiyati jihatdan eng dolzarb, hudud ravnaqi uchun juda muhim bo‘lsa, o‘shani tanlaydi. Har mavsumda bittadan loyiha tanlab olinadi. Har yili amaldagi tartib bo‘yicha BHMning 8 ming baravari miqdorida davlat byudjetidan mablag‘ ajratiladi. Bu bir mavsumda 4000 baravarni tashkil etadi. Ya’ni, har yili 3,3 mlrd. so‘m, bir mavsumda esa 1,6 mlrd. so‘m mablag‘ deputatning tanlovi bilan amalga oshiriladigan loyihani moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Demak, Prezident qaroridagi ushbu tashabbus ilk bor amaliyotda qo‘llaniladi. Tanlov jarayonlari esa deputatlarimizdan katta mas’uliyat, jiddiy e’tibor va adolatli qaror qabul qilishni talab etadi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA