O‘zbekistonda mart oyi inflyatsiyasi e’lon qilindi
Mart oyida O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi 0,6 foizni tashkil etdi. Yillik hisobda esa narxlar o‘sishi fevral oyidagi 7,3 foizdan 7,1 foizgacha sekinlashdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Tahlillarga ko‘ra, mart oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari boshqa tovar va xizmatlarga nisbatan tezroq oshishda davom etdi. Jumladan, kartoshka 9,8 foiz, tuxum 2,1 foiz, go‘sht 1,8 foiz, shakar 1,7 foiz va o‘simlik yog‘i 0,9 foizga qimmatlashdi.
Umuman olganda, mart oyida oziq-ovqat mahsulotlari 1,2 foizga oshgan. Nooziq-ovqat tovarlari narxi 0,3 foiz, xizmatlar narxi esa 0,2 foizga ko‘tarildi. Yillik hisobda xizmatlar narxining o‘sishi 12,7 foizni tashkil etdi.
Mart oyida ayrim meva-sabzavot mahsulotlari narxida sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi. Pomidor 11,5 foiz, bulg‘or qalampiri 10 foiz, kartoshka 9,8 foiz, olma 7,4 foiz va banan 6 foizga qimmatlashdi.
Shu bilan birga, bodring narxi 20,7 foiz, piyoz 4,6 foiz va sabzi 1 foizga arzonlashdi.
Mart oyida benzin narxi o‘rtacha 0,9 foizga pasaydi. AI-92 benzini 0,9 foiz, AI-95 benzini esa 1,3 foizga arzonlashdi. Propan narxi 3,2 foizga tushgan bo‘lsa, metan narxi o‘zgarishsiz qoldi.
Shuningdek, aviaqatnovlar 4,1 foiz, poyezd chiptalari 0,5 foizga arzonlashdi. Biroq, taksi xizmatlari 0,4 foiz, xalqaro avtobus qatnovlari 1,4 foizga qimmatlashdi.
Uy-joy kommunal xizmatlari tariflari asosan barqaror qoldi. Maishiy chiqindilarni olib ketish xizmatlari 0,9 foiz, uy ijarasi 0,2 foizga oshdi. Ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish narxlari esa 0,5–0,9 foizga ko‘tarildi.
Shuningdek, dori-darmonlar 0,7 foiz, laboratoriya xizmatlari 0,8 foiz, ambulator davolanish xizmatlari 0,2 foiz qimmatlashdi. Xususiy bolalar bog‘chalari uchun to‘lovlar 0,8 foiz, til kurslari narxi esa 0,1 foizga oshdi.
30-mart kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev inflyatsiya darajasini 6–6,5 foiz atrofida ushlab turish vazifasini belgiladi. Davlat rahbari oziq-ovqat mahsulotlarini import qilish, logistika muammolarini hal etish va muqobil transport yo‘nalishlaridan foydalanish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishni topshirdi.
Markaziy bank raisi Timur Ishmetovning ta’kidlashicha, neft narxlaridagi tebranishlar va logistikadagi uzilishlar inflyatsiyaga qo‘shimcha bosim o‘tkazishi mumkin.
Qayd etilishicha, oziq-ovqat mahsulotlari narxlaridagi o‘zgarishlar inflyatsiya dinamikasiga asosiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillardan biri bo‘lib qolmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA