Sirdaryoda “Kitobxon Kids” g‘oliblari aniqlandi
Sirdaryoda bolalarning kitobga bo‘lgan muhabbatini oshirishga qaratilgan navbatdagi muhim tashabbus o‘z samarasini berdi. Viloyat Yoshlar markazida o‘tkazilgan “Kitobxon Kids” tanlovining viloyat bosqichi nafaqat g‘oliblarni, balki mutolaaga chanqoq, fikri teran, dunyoqarashi keng yoshlarni ham kashf etdi.
Ma’lumki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Shu maqsadda qabul qilingan qarorlar ijrosi doirasida o‘tkazilayotgan mazkur tanlov ham ana shu ezgu maqsadga xizmat qiladi. U 7-10 va 11-14 yosh toifasidagi bolalarni qamrab olgani bilan ahamiyatlidir — aynan shu davrda kitobga bo‘lgan qiziqish shakllanadi, fikrlash doirasi kengayadi.
Tanlovning ochilish marosimida so‘z olgan Sirdaryo viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi mas’ul xodimi Doniyor Ahrorqulov kitob insonni tarbiyalovchi eng kuchli vosita ekanini ta’kidlab, bu kabi bellashuvlar yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirishda muhim o‘rin tutishini qayd etdi. Ayniqsa, tanlov jarayonlarining to‘liq raqamlashtirilib, “Mutolaa” mobil ilovasi orqali o‘tkazilgani uning shaffofligi va zamonaviyligini ta’minladi. Bu esa kitobxonlikni rag‘batlantirishda yangi yondashuvlar samara berayotganini ko‘rsatadi.
[gallery-29118]
Bellashuvlar tobora qizib, ishtirokchilarning bilim va tafakkur salohiyati sinovdan o‘tgan hal qiluvchi pallada eng munosiblar saralandi. Xususan, 7-10 yoshli bolalar o‘rtasida kechgan bahslarda Oqoltin tumanidan ishtirok etgan Nafisa Rustamova o‘zining chuqur mutolaasi, tezkor fikrlashi va aniq javoblari bilan 1-o‘rinni egalladi.
11-14 yosh toifasida esa raqobat yanada keskin tus oldi. Guliston shahridan qatnashgan Madina Do‘smatova bilimdonlik, tahlil qilish qobiliyati va kitob mazmuniga chuqur yondashuvi bilan barcha raqiblaridan ustun kelib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
E’tiborli jihati, barcha g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplomlar hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Bu esa yosh kitobxonlarning kelgusidagi intilishlari uchun munosib rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi. Zero, kitob o‘qigan avlod fikrlaydigan, tahlil qiladigan va ertangi kun uchun mas’uliyatni his etadigan bo‘lib ulg‘ayadi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA