O‘zbekistonda fyuchers savdosini joriy etishning amaliy bosqichi boshlandi
“O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va Singapurning “Phillip Capital” kompaniyasi o‘rtasida fyuchers savdosini rivojlantirish, zamonaviy tovar derivativ instrumentlarini joriy etish hamda mamlakat birja infratuzilmasini jahon tovar bozorlari bilan integratsiya qilishga qaratilgan hamkorlik memorandumi imzolandi.
Bu haqda jamiyat axborot xizmati rahbari Hikmatullo Tillaboyev quyidagilarini ma’lum qildi:
–Mazkur hujjat mamlakatimizda zamonaviy fyuchers bozorini shakllantirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarning navbatdagi muhim bosqichini boshlab berdi. Tashabbus milliy iqtisodiyotni global derivativlar bozori bilan bog‘lash, birja tizimini yangi bosqichga olib chiqish va xalqaro tajribani amaliyotga tatbiq etish yo‘lini ochadi.
E’tiborlisi, mamlakatimizda fyuchers savdosini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlar amaliy bosqichga o‘tmoqda. Shu maqsadda tovar fyucherslari va boshqa derivativ instrumentlar bozorini tashkil etish uchun “UZEX Global” qo‘shma korxonasi tashkil etildi. Ushbu tuzilma milliy derivativlar bozorining asosiy institutsional platformasi sifatida faoliyat yuritib, fyuchers kontraktlari savdosini tashkil etish, kliring jarayonlarini yo‘lga qo‘yish hamda risklarni boshqarish mexanizmlarini joriy etishda muhim o‘rin tutadi.
Hamkorlikning yana bir muhim jihati shundaki, loyihani amalga oshirishda Singapurning ilg‘or tajribasiga tayanilmoqda. Bugungi kunda Singapur dunyoning yetakchi moliyaviy va savdo markazlaridan biri hisoblanadi. U yerda shakllangan derivativlar bozori infratuzilmasi, kliring tizimlari, risklarni boshqarish amaliyoti hamda birja operatsiyalarini tashkil etish mexanizmlari xalqaro miqyosda eng samarali modellardan biri sifatida e’tirof etiladi.
“Phillip Capital” kompaniyasi ko‘p yillik xalqaro tajribaga ega bo‘lib, jahonning yetakchi birjalari va derivativlar bozorlarida faol ishtirok etib kelmoqda. Kompaniyaning ekspert salohiyati va zamonaviy texnologik yechimlari O‘zbekistonda xalqaro standartlarga javob beradigan, shaffof va raqobatbardosh fyuchers bozorini shakllantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Loyihaning amalga oshirilishi mahalliy ishlab chiqaruvchilar, eksportyorlar, importyorlar va investorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Xususan, ular narx xavflarini xedjirlash, bozordagi keskin o‘zgarishlar ta’sirini kamaytirish hamda zamonaviy moliyaviy instrumentlardan samarali foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa iqtisodiyotning real sektori barqarorligi va samaradorligini oshirish, investitsiyaviy jozibadorlikni kuchaytirish hamda mamlakatimizda bozor mexanizmlarini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA