O‘zbekistonda avtosport rivoji: yangi bosqich, yangi imkoniyatlar
“Formula-1” tajribasi milliy avtosport rivoji uchun muhim
Poytaxtimizda avtosport muxlislari va O‘zbekiston milliy avtosport va karting federatsiyasi mutaxassislari ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi. Suhbatda “Formula-1” musobaqalarini boshqarishda qatnashgan tajribali, xalqaro amaliyotda o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazgan marshallar so‘zga chiqib, hakamlik jarayoni, turli qiziqarli lahzalar haqida gapirib berdi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston avtosportida “marshal” tushunchasi 20 yil avval umuman mavjud bo‘lmagan. 2006 yildan buyon shu sohada faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston milliy avtosport va karting federatsiyasi Ralli qo‘mitasi raisi Alim Ahmadjonov fikricha, mamlakatimizda professional hakamlik tizimi, styuardlar instituti va marshallar tayyorlash tizimi so‘nggi yillardagina shakllana boshladi. Bu borada federatsiya tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar muhim ahamiyat kasb etadi.

Federatsiya hakamlarni nafaqat ichki, balki xalqaro tadbirlar uchun ham tayyorlash, o‘qitish va buning uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtirishga ko‘maklashmoqda. Ko‘plab mamlakatlarda marshallar, odatda, xalqaro musobaqa tashkilotchilariga shaxsan murojaat qilishiga to‘g‘ri keladi.Mamlakatimizda esa ushbu jarayon federatsiya nazoratida to‘liq qo‘llab-quvvatlanadi. Ayni holat hakamlarning samarali faoliyatini ta’minlashga bevosita ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Marshallik – tinimsiz mehnat, intizom va kuchli mas’uliyat
“Formula-1”da ishlash tajribasiga ega mutaxassislar faoliyati davomida o‘zlari duch kelgan voqealar bilan o‘rtoqlasharkan, marshallik qat’iyat va mas’uliyat talab qilishini alohida ta’kidladilar. Ularning aytishicha, xalqaro gran-pri turnirlarida ishlash oson emas: kun tartibi bo‘yicha ertalab soat 3-4 dan kechgacha davom etadigan o‘ta zich jadval asosida ishlanadi.
Tabiiyki, xalqaro hakamlarga e’tibor ham shunga yarasha: maxsus imtiyoz, bepul transfer, muxlislar va tomoshabinlar hurmati va hokazo. Bu jarayonga qiziqishni yanada oshiradi.
Netvorking va jamoaviy muhit ham avtosportning ajralmas qismidir
Marshal sifatida xalqaro musobaqalarda qatnashish mutaxassislarimizga nafaqat tajriba orttirish, balki keng qamrovli professional aloqa o‘rnatish imkonini ham beradi. Juda ko‘p mamlakatlardan kelgan hamkasblar bilan birga ishlash, ular bilan do‘stona munosabatga kirishish, tez-tez uchrashib turish avtosport jamoasini global tarmoqqa aylantirgan.
“Formula-1” muxlislari orasidagi o‘zaro hurmat va jipslik alohida e’tirofga loyiq holat. Sportchilar va ishtirokchilar fikricha, avtosport odamlarni birlashtiradi, turli jamoalar muxlislari o‘rtasida ham ijobiy muhit saqlanadi. Bu avtosportning boshqa ommaviy sport turlaridan farqi sifatida qayd etiladi.
Federatsiyamiz faoliyati – noyob amaliyot
Yuqorida aytib o‘tilganidek, respublikamizda marshallarni xalqaro musobaqaga yuborish bo‘yicha mutlaqo o‘zgacha, tizimli va samarali amaliyot yo‘lga qo‘yilgan. Bu jarayon, avvalo, sportchi va texnik mutaxassislarning xalqaro arenaga chiqishini osonlashtirishga qaratilgani bilan ajralib turadi. Nomzodlarni tanlash va musobaqaga jo‘natish mas’uliyati bevosita federatsiya zimmasida. Marshallar mavjud tajriba, faollik, mahalliy musobaqalardagi ko‘nikma kabi omillar orqali saralanadi. Tegishli ro‘yxat xalqaro tashkilotlarga federatsiya nomidan rasmiy xat bilan yuboriladi.
Barcha zarur litsenziya, rasmiy hujjat, tasdiq xatlari federatsiya tomonidan tayyorlanadi. Ya’ni, nomzodlar vaqtini behuda sarflamay, asosiy e’tiborini musobaqaga tayyorgarlikka qaratishi uchun sharoit yaratiladi.
Yana bir muhim jihat bor: federatsiya orqali yuborilgan nomzodlarning xalqaro musobaqaga qabul qilinishi, deyarli, kafolatlangan. Boshqacha aytganda xalqaro tashkilotlar federatsiyaning rasmiy tavsiyasini ishonchli asos sifatida qabul qiladi va mazkur tartib o‘zaro hamkorlik yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Bunday tizim dunyo amaliyotida kam uchraydi va mamlakatimizda avtosport sohasiga davlat darajasida e’tibor ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Musobaqalar taqvimi kengayib, infratuzilma yangilanmoqda
Dekabr oyiga belgilangan ikki yirik musobaqa – Jimxana bo‘yicha Osiyo chempionati final bosqichi va ralli bo‘yicha milliy turnir soha rivoji yo‘lida navbatdagi dadil qadam sifatida baholanyapti. Mazkur tadbirlar orqali nafaqat sportchilar mahorati, balki butun tashkilotchilik tizimi samaradorligi yana bir bor namoyon bo‘ladi. Musobaqalar mahalliy marshallar uchun muhim amaliyot maydoniga aylanadi. Avvallari bunday imkoniyat bo‘lmagan. Endilikda hakamlar malakasini oshirish, taniqli xorijlik mutaxassislar bilan tajriba almashish orqali kelgusi musobaqalarda yanada mas’uliyatli vazifalarni bajarish uchun zamin yaratiladi.
Yurtimizda avtosport infratuzilmasini takomillashtirish, jumladan zamonaviy avtodrom barpo etish masalasi ham diqqat markazida turibdi. Bunday inshoot vujudga kelishi nafaqat milliy musobaqalarni muntazam o‘tkazish, balki xalqaro turnirlar – “Formula-4”, “Asia Cup” kabi FIA shafeligida o‘tadigan mintaqaviy musobaqalarni mamlakatimizda qabul qilish imkoni paydo bo‘ladi.
Jamoatchilik bilan navbatdagi muloqot shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekiston avtosporti yangi bosqichga chiqmoqda. Federasiyaning tizimli ishi, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash siyosati, xalqaro hamkorlik va tashkiliy imkoniyatlar kengayishi yaqin yillarda mamlakatimizda avtomobil sporti turlari yanada ommalashishiga zamin yaratishi shubhasiz.
Avtosport – shunchaki tezlikni his etish emas, balki tashkiliy, texnika va inson omiliga bog‘liq murakkab tizim. Muloqot davomida bildirilgan fikrlar O‘zbekiston aynan shundaytizim barpo etish yo‘lida dadil qadam tashlayotganini tasdiqladi.
Dilshod Hakimov, O‘zA