O‘zbekistonda aniq vaqt tizimi: Ramazonda ishonchli manba — UTC (UZ)
Bugungi kunda aniq vaqtni bilish hech qachon bunchalik oson bo‘lmagan. Mamlakatimizda “Vaqt, chastota va O‘zbekiston milliy vaqt shkalasi — UTC (UZ) birligi milliy etaloni” asosida ishlaydigan zamonaviy tizim faoliyat yuritmoqda. Mazkur etalon O‘zbekiston milliy vaqt shkalasi — UTC (UZ)ni shakllantiradi, saqlaydi va uzatadi.
Ushbu tizim Xalqaro o‘lchov va tarozilar byurosi (BIPM) tomonidan shakllantiriladigan Muvofiqlashtirilgan universal vaqt (UTC) bilan doimiy ravishda solishtirib boriladi. Bu esa yurtimizdagi rasmiy vaqt xalqaro aniq vaqt tizimiga to‘liq mos ekanini anglatadi.
Ayniqsa, muborak Ramazon oyida aniq vaqtning ahamiyati yanada ortadi. Saharlik va iftorlikni bir daqiqa ham adashtirmasdan belgilash har bir ro‘zador uchun muhim masala. Endilikda buning uchun ishonchli va rasmiy manba mavjud.
Yurtimiz bo‘ylab istalgan fuqaro www.aniqvaqt.nim.uz
sayti orqali O‘zbekiston Respublikasining rasmiy aniq vaqti — UTC (UZ) ma’lumotlarini real vaqt rejimida kuzatib borishi mumkin.
Raqamli transformatsiya sharoitida aniq vaqt nafaqat kundalik hayotimizda, balki mudofaa, navigatsiya, bank-moliya tizimi, aloqa, transport va energetika kabi ko‘plab strategik sohalarda ham muhim o‘rin tutadi. Barcha tizim va jarayonlarning bir vaqtda, uzviy hamda barqaror ishlashi aynan aniq vaqtga bog‘liq.
Bugun aniq vaqt — bu shunchaki soat ko‘rsatkichi emas, balki ishonch, tartib va taraqqiyot mezoni. Ramazon oyida esa u har bir xonadonda muhim vaqt ko‘rsatkichiga aylanadi.
Hamroz Bayanov, O‘zA