O‘zbekiston – Xitoy: Tibbiyot texnologiyalari sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasining Shenchjen shahrida ish safari bilan bo‘lib turibdi. Tashrif doirasida tibbiyot texnologiyalari, laboratoriya diagnostikasi hamda sohadagi xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha bir qator muhim tadbir va uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Delegatsiya a’zolari dastlab Shenzhen New Industries Biomedical Engineering (SNIBE) kompaniyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan, zamonaviy laboratoriya uskunalari taqdimotiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada ishtirok etdilar. Ushbu anjuman 161 mamlakatdan 400 nafardan ziyod delegatni jamlagan bo‘lib, unda biotibbiyot muhandisligi va laboratoriya diagnostikasi sohasidagi yetakchi xalqaro mutaxassislar o‘z ma’ruzalarini taqdim etdi.
Anjumanda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Farxod Tashpulatov ishtirok etib, mamlakatimizda tibbiyot sohasini rivojlantirish, Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar, xususan Xitoy bilan olib borilayotgan strategik sheriklik, shuningdek SNIBE kompaniyasi bilan amalga oshirilgan qo‘shma loyihalar va istiqboldagi hamkorlik rejalari haqida so‘z yuritdi.

Qayd etish joiz, 2024 yili O‘zbekiston va SNIBE kompaniyasi hamkorligida umumiy qiymati 6 million AQSH dollariga teng bo‘lgan ikkita grant loyihasi amalga oshirildi. Bu loyihalar doirasida mamlakatimizning tibbiyot muassasalariga 125 dona zamonaviy laboratoriya diagnostika uskunalari yetkazib berildi. Mazkur uskunalar sog‘liqni saqlash tizimida diagnostika sifatini yaxshilash, natijalar aniqligini oshirish hamda tibbiy xizmatlarga aholi ehtiyojini yanada to‘liq qondirish imkonini berdi.
Safar davomida O‘zbekiston delegatsiyasi Shenchjen shahrining Pinshan tumanidagi 800 o‘rinli markaziy shifoxona faoliyati bilan ham tanishdi. Mazkur tibbiyot muassasasida nafas yo‘llari kasalliklari, gastroenterologiya, nevrologiya, endokrinologiya, revmatologiya va immunologiya, ginekologiya kabi ambulator yo‘nalishlar, shuningdek, radiologiya, laboratoriya, ultratovush diagnostikasi va farmatsevtika bo‘yicha tibbiy texnologiyalar bo‘limlari samarali faoliyat olib bormoqda.
Delegatsiya shifoxonada SNIBE kompaniyasi tomonidan o‘rnatilgan laboratoriya uskunalari, qon topshirish jarayoni, turli modeldagi avtomatlashtirilgan analizatorlar bilan ishlash tartibi va texnologik jarayonlar bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif doirasida, shuningdek, delegatsiya a’zolari SNIBE kompaniyasining bosh qarorgohida ham bo‘lib, bu yerdagi boshqaruv, ishlab chiqarish va tajriba maydonlari, laboratoriya diagnostikasi sohasidagi so‘nggi yutuqlar va ilmiy-amaliy ishlanmalar bilan tanishdilar.
Muzokaralar yakunida tomonlar tibbiyot sohasidagi o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, jumladan:
— tibbiyot kadrlarini tayyorlash va malakasini oshirish;
— yangi laboratoriya texnologiyalarini joriy etish;
— qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish;
— borasidagi rejalar yuzasidan kelishuvlarga erishdilar.
Hamroz Bayanov,O‘zA