O‘zbekiston – Xitoy biznes-forumida qariyb 4 milliard dollarlik bitim va shartnomalar imzolandi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pekinga tashrifi qanchalik ahamiyatli? Bu tadbirkorlar va, umuman, poytaxt hokimligi, Toshkent shahri uchun sheriklik aloqalarini kengaytirish borasida qanday yangi istiqbollarni ochadi?
Bu savolga Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari Sharof Rahmonov javob berdi:
– Ishonch bilan aytishimiz mumkinki, muhtaram Prezidentimizning Pekinga tashrifi azaldan yaqin hamkor bo‘lib kelgan ikki davlat munosabatlari yangi bosqichga chiqishida muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, SHHT doirasida kengaytirilgan tartibda bo‘lib o‘tadigan tadbirlar xalqaro miqyosda ahamiyatli bo‘ladi. O‘z navbatida, bunga xalqaro darajada qiziqish ham yuqori bo‘lmoqda.
Shuni ta’kidlab o‘tishim kerakki, Toshkent shahri hokimligi ushbu oliy darajadagi uchrashuvlar arafasida XXRning qator viloyatlarida bo‘lib, Pekin, Shanxay, Chendu, Xefey va boshqa ko‘plab shaharlar bilan juda yaqin hamkorlik o‘rnatdi.

Mazkur hududlarda sheriklik shartnomalari, yo‘l xaritalari, rivojlantirish, har tomonlama hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejalari imzolandi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston-Xitoy biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Bu tadbirga xitoylik tadbirkorlar katta qiziqish bildirdi va unda faol ishtirok etdi. Bu ularning bizning bozorga kirish istagidan dalolatdir. Buning dalili shundaki, biz, Toshkent shahar hokimligi tomonidan mazkur biznes-forum doirasida umumiy qiymati qariyb 4 milliard AQSH dollariga teng sarmoyaviy bitim va shartnomalar imzolandi.
Savdo-ko‘ngilochar majmualari, mehmonxona majmualari qurilishi sohasida sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirayotgan Xitoy kompaniyalari bilan imzolangan kelishuvni alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Ayniqsa, shahrimiz uchun muhim loyihalar bo‘lgan infratuzilma loyihalari amalga oshiriladi. Bu, xususan, drenaj tizimini rekonstruksiya qilish va modernizatsiya qilish, yo‘l o‘tkazgichlar qurilishini rekonstruksiya qilish, avtomobil yo‘llari va, umuman, transport infratuzilmasini rekonstruksiya qilish loyihalarini o‘z ichiga oladi.
Toshkent shahar elektr tarmog‘i uchun yangi podstansiyalar qurish loyihasini ham alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman. Birinchi bosqichda oltita yangi podstansiya qurish, keyinchalik kengaytirish, shuningdek, Toshkent shahrida 200 megavatt quvvatga ega quvvatlantirish stansiyasini yaratish loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, ikki tomonlama investitsiya bitimlari paketiga Toshkent shahrining bir qismida “Disneylendlar” deb ataladigan yirik ko‘ngilochar bog‘lar, akvaparklar qurish loyihalarini amalga oshirishni ko‘zda tutuvchi investitsiya loyihalari kiritilgan. Bu, nafaqat xalqimiz manfaatlariga xizmat qiladi, balki poytaxtga xorijiy sayyohlarning oqimini ko‘paytiradi.
N.Abduraimova tayyorladi, O‘zA