O‘zbekiston xalqaro standartlashtirish maydonida
O‘zbekiston delegatsiyasi ISO/TC 100 texnik qo‘mitasining 20-plenar yig‘ilishida ishtirok etib, xalqaro standartlashtirish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Xitoyda ISO/TC 100 — «Kuch uzatish va konveyerlar uchun zanjirlar va zanjir yulduzchalari» texnik qo‘mitasining 20-plenar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston delegatsiyasi bilan bir qatorda Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya vakillari ham ishtirok etdi.
Yig‘ilishning ochilish marosimida Davlat bozorni tartibga solish ma’muriyati Standartlar innovatsiyasi boshqarmasining birinchi darajali inspektori Fu Venbyao, ISO/TC 100 raisi Erxard Fogt, Jilin provinsiyasi bozorni tartibga solish ma’muriyati bosh direktori U Chjunsyu va Jilin universiteti vitse-prezidenti Chjan Gosin so‘zga chiqib, ishtirokchilarni qutladi.

Plenar yig‘ilish doirasida xalqaro standartlashtirishning dolzarb yo‘nalishlari, zanjirli uzatmalar texnologiyasining rivojlanishi va sohaning istiqbollariga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi. Xususan, ISO/TC 100 raisi Erxard Fogt zanjirlar va zanjir g‘ildiraklarini standartlashtirishning shakllanish tarixi, bugungi holati hamda kelgusidagi rivojlanish istiqbollari haqida ma’lumot berdi. Germaniyaning “iwis Antriebssysteme GmbH & Co. KG” kompaniyasi vakili Tomas Volf esa zanjirli uzatmalar sohasining taraqqiyot bosqichlari va istiqbollariga to‘xtaldi.
Shuningdek, ISO/TC 110 eksperti, “FB Chain Ltd. (Leaf Chain)” kompaniyasi vakili Piter Cherch barqaror rivojlanish va uglerod hisobotlari bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi. ISO/TC 100 Xitoy milliy qo‘mitasi raisi, Jilin universiteti Zanjirli uzatmalarni tadqiq etish instituti vakili Chju Gojen esa rolikli va vtulkali uzatma zanjirlarini davriy tekshirish usullari haqida ma’ruza qildi.

Muhokamalar davomida ishtirokchilar xalqaro standartlarni takomillashtirish, zanjirli uzatmalar texnologiyasini rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va o‘zaro hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

O‘zbekiston delegatsiyasining mazkur xalqaro yig‘ilishdagi ishtiroki mamlakatimizning xalqaro standartlashtirish jarayonlaridagi faolligini oshirish, mashinasozlik sohasidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish hamda texnik me’yorlar va standartlar yo‘nalishidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Xalqaro maydondagi bunday muloqotlar milliy standartlashtirish tizimini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va ishlab chiqarishda sifat talablarini takomillashtirish uchun muhim ahamiyatga ega.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA