Koreya Respublikasi elchisi Xivada
Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Von Do Yon qadimiy va hamisha navqiron Xiva shahriga tashrif buyurdi.
Martabali mehmonni Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari Botir Saidov hamda Xiva shahri hokimi Temur Davletov kutib oldi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi aloqalarning izchil rivojlanib borayotgani, xususan, Xiva shahrida madaniy-gumanitar, turizm va ta’lim yo‘nalishlaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot davomida qadimiy Xiva Koreya Respublikasi bilan do‘stona munosabatlarni rivojlantirish va yangi hamkorlik loyihalarini amalga oshirish uchun katta salohiyatga ega shahar ekanligi ta’kidladi.
Elchi Von Do Yon Xivaning boy tarixiy-madaniy merosi, turizm salohiyati va shaharda amalga oshirilayotgan yangilanish jarayonlariga yuqori baho berdi. Tomonlar mavjud hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish va istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston-Koreya hamjihatligini, xususan, Xiva shahri bilan bog‘liq aloqalarni yangi mazmun bilan boyitish borasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuvdan so‘ng mehmonlar Xiva shahrida yangi barpo etilgan Kongress xoll hamda Qabullar uyi, “Boqiy shahar” majmuasini ko‘zdan kechirdilar.
Tashrif davomida mazkur majmualarning imkoniyatlari, sayyohlar uchun yaratilgan sharoitlar, zamonaviy infratuzilma hamda Xivaning xalqaro turizm salohiyatini yanada oshirish borasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishdilar.
Shuningdek, tashrif doirasida mehmonlar Xivada faoliyatini boshlagan Liaoning pedagogika universiteti hamda Konfutsiy institutida ham bo‘ldilar.
[gallery-31862]
Tashrif davomida mehmonlarga ta’lim muassasasida yaratilgan zamonaviy sharoitlar, o‘quv auditoriyalari, kutubxona, sport zali, madaniyat markazi va talabalar uchun mo‘ljallangan infratuzilma haqida ma’lumot berildi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari