O‘zbekiston va XVJ istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshiradi
Iqtisodiyot va moliya vazirligida Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ)ning Osiyo va Tinch okeani bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi direktori Takashi Nagaoka boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda ikki tomonlama hamkorlikning istiqbollari, qo‘shma tahliliy tadqiqotlarni amalga oshirish va iqtisodiy sohada malakali mutaxassislar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Muloqot davomida Yaponiya Hukumati va XVJ hamkorligida amalga oshiriladigan “JISPA” dasturi haqida ham ma’lumot berildi. Dastur davlat sektorida faoliyat yuritayotgan istiqbolli mutaxassislarga Yaponiyaning yetakchi universitetlarida iqtisodiy siyosat, makroiqtisodiy tahlil, davlat moliyasi va institutsional boshqaruv yo‘nalishlarida magistratura va doktorantura bosqichlarida tahsil olish imkonini beradi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, ta’lim jarayonida nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish, xalqaro tajriba almashish va zamonaviy iqtisodiy yondashuvlarni o‘zlashtirishga e’tibor qaratiladi. Dasturni muvaffaqiyatli tamomlagan mutaxassislarning vazirlikdagi faoliyatini davom ettirishi iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirish va istiqbolli tashabbuslarni birgalikda amalga oshirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA