O‘zbekiston va Turkiya hamkorligi: chiqindilarni qayta ishlash sohasida yangi bosqich
Chiqindilarni to‘g‘ri boshqarish va qayta ishlash bugungi kunda ekologik barqarorlikni ta’minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda iqtisodiy resurslardan samarali foydalanishning muhim omillaridan biri hisoblanadi.
Aholi soni va ishlab chiqarish hajmlarining ortishi bilan chiqindilar miqdori ham tobora ko‘payib bormoqda. Shu bois, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, sirkulyar iqtisodiyot tamoyillarini rivojlantirish va xalqaro tajribani qo‘llash orqali ushbu sohani yangi bosqichga olib chiqish dolzarb vazifaga aylanmoqda.
Ma’lumki, davlatimiz rahbarining Turkiya Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida ikki tomonlama ko‘p qirrali hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha qator kelishuvlarga erishildi.

Ushbu kelishuvlar mamlakatimizda ekologik sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.
Xususan, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sharifbek Hasanov boshchiligidagi delegatsiya Turkiyaning “MT Makina” kompaniyasi bilan chiqindilarni qayta ishlash va ularni boshqarish sohasida uskunalar ishlab chiqarish, saralash hamda qayta ishlash ob’ektlarini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi.

Muzokaralar natijasida Samarqand viloyatida umumiy qiymati 10 million AQSH dollariga teng bo‘lgan loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Asosiy loyihalar 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, kuniga 500 tonna quvvatga ega chiqindilarni saralash stansiyasini qurish hamda yiliga 1000 dona maxsus texnika va konteyner ishlab chiqaradigan zavodni mahalliylashtirish ko‘zda tutilgan.
Ushbu tashabbuslar doirasida 100 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Shuningdek, loyihalarning umumiy faoliyat yuritish muddati 20 yil etib belgilangan.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, “MT Makina” kompaniyasi chiqindilarni boshqarish sohasida 20 yillik tajribaga ega bo‘lib, zamonaviy texnologik yechimlarni taklif etib kelmoqda. Turkiyaga amalga oshirilgan tashrif davomida ushbu hamkorlikni yanada jadallashtirish va qo‘shma loyihalarni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA