Tuman hokimi bo‘lg‘usi muhandis va agrotexnologlar bilan uchrashdi
Surxondaryo viloyati Angor tumani hokimi Qosim Mardonov joriy yil Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetini bitiradigan angorlik yigit-qizlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuvda tuman rahbari mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor, tashabbus va g‘oyalarini rag‘batlantirib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni qo‘llab-quvvatlash, ish bilan ta’minlash, zamonaviy kasb-hunarga yo‘naltirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha so‘z yuritdi.

Bu yil tumandan viloyatdagi oliy o‘quv yurtlarini 755 nafar talaba bitiradi. Ularning 182 nafari Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida ta’lim olib, turli kasb sirlarini chuqur o‘rganmoqda.

Ochiq muloqotda bo‘lg‘usi malakali mutaxassislar uchun tumanda mavjud ish o‘rinlari to‘g‘risida ham ma’lumot berilib, bitiruvchi yoshlarga o‘z bilim va salohiyatini Vatan taraqqiyoti, yurt rivoji yo‘lida sarflash uchun izlanishdan to‘xtamay, yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.


Ayni paytda Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida 50 dan ortiq bakalavriat, qariyb 30 ta magistratura yo‘nalishida o‘n mingga yaqin talaba tahsil olmoqda. Ularga barcha zamonaviy sharoitlarga ega o‘quv dargohida 360 dan ortiq professor-o‘qituvchi ta’lim bermoqda. Shuningdek, oliygohda mamlakatimizning boshqa hududlari va Eron, Afg‘oniston, Bangladesh, Tojikiston kabi xorijiy davlatlardan kelgan talabalar ham ta’lim olayotir. Bu yil oliy ta’lim muassasasini 1 ming 840 dan ortiq talaba bitirib, mustaqil hayotga yo‘llanma oladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri