O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida qaysi sohalarga talab katta? (+video)
O‘zbekistonlik bir guruh OAV vakillarining Pokistonga safari doirasida O‘zA muxbiri mamlakatimizning ushbu davlatdagi Favqulodda va muxtor elchisi Alisher To‘xtayev bilan suhbatlashdi.
Muloqot davomida iqtisodiyot, ta’lim va turizm sohalarida ikki mamlakat o‘rtasidagi istiqbolli munosabatlar xususida so‘z yuritildi.

–Pokistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarimizga qiziqish juda yuqori. Misol uchun, mosh katta hajmda yetkazib berilmoqda. Bundan tashqari, quruq mevalar – bodom, pista, yeryong‘oq va mayiz kabi mahsulotlarimizga ham talab katta, – dedi elchi. –Tekstil sohasida yurtimizdan kalava ip xarid qilishga qiziqish baland. Chunki Pokiston to‘qimachilik sohasida dunyodagi eng yetakchi o‘ntalikka kiradi.
Pokiston mevani jahon bozoriga faol eksport qiladi va charmdan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishda katta tajribaga ega. Lekin bizning asosiy vazifamiz shunchaki xomashyo sotmasdan, Pokistondan mutaxassislar va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilgan holda, O‘zbekistonda tayyor mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdir. Shu orqali MDH, Yevropa, Amerika va boshqa davlatlar bozoriga chiqish mumkin.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatish sohasi juda rivojlangan. Qolaversa, qandolatchilik bo‘yicha yirik kompaniyalarimiz bor, Pokistonda esa bu soha uchun bozor juda keng. Elektrotexnika (konditsionerlar va boshqa maishiy texnikalar) hamda qurilish materiallari sohasida ham oldinga chiqdik. Masalan, plastik romlar ishlab chiqarish borasida tajribamiz katta. Pokistonda mana shu sohalarda qo‘shma korxonalar tashkil etish imkoniyatlari yuqori.
Bunday faoliyatni yo‘lga qo‘yish uchun Islomobod, Lahor, Karachi, Faysalobod, Gujrat, Gujranvala, Sialkot va Multon kabi shaharlar juda qulay va xavfsiz hisoblanadi. Bu yerda biznes-turizmni rivojlantirish imkoniyatlari ham keng.
Masalan, tibbiyot anjomlari sohasida ishlaydigan mutaxassislarimiz Sialkot shahriga kelib, mahalliy sanoat va zavod-fabrikalar faoliyati bilan tanishsa, o‘zimizda ham shunday ishlab chiqarishni tashkil qilish mumkin. Sialkotda sport mahsulotlari ishlab chiqarish ham juda rivojlangan. Xususan, koptoklar tayyorlash loyihasi bor va unga talab juda yuqori.
O‘zbekistonda mazkur turdagi zavodlarning ishga tushirilishi, aholi soni 40 millionga yaqinlashayotgan ichki bozorni ta’minlash bilan birga, 80–85 millionlik butun Markaziy Osiyo mintaqasiga tayyor mahsulot eksport qilish imkonini beradi.
Mebel sanoatida Gujrat shahri tajribasini, qishloq xo‘jaligida esa kartoshka yetishtirish xabi bo‘lgan Okara shahri tajribasini o‘rgansa bo‘ladi. Pokistonda har bir shahar muayyan bir mahsulot turiga ixtisoslashgan. Ana shu yo‘nalishlarni chuqur o‘rganib, mutaxassislar ko‘magida O‘zbekistonga tatbiq etsak, bu juda samarali loyiha bo‘ladi.
Turizm nuqtai nazaridan, Lahor – Pokistonning madaniy markazidir. U yerda Lahor qal’asi, Badshohiy masjidi, Shalimar bog‘i joylashgan.
Bugungi kunda O‘zbekistonda juda katta imkoniyatlar yaratilgan. Banklar ochiq, ikki mamlakat o‘rtasida pul o‘tkazmalari va moliyaviy operatsiyalarni bemalol amalga oshirish mumkin. Logistika ham juda qulay.
Oliy ta’lim sohasida Pokiston universitetlari xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallaydi. Shu bois, Pokiston bilan ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirishimiz lozim.
Darhaqiqat, bu yo‘nalishda aniq ishlar amalga oshirilmoqda. Oliy o‘quv yurtlarimizdan iborat delegatsiyalar Islomobod, Lahor, Karachi va Peshovar shaharlarida bo‘lib, katta taassurotlar bilan qaytishdi.
– Ayni yo‘nalishlardagi hamkorlik uchun elchixona qanday ko‘mak bera oladi?
– Biz, avvalo, muzokaralarda faol ishtirok etamiz. Delegatsiyalarimizni viza jihatidan qo‘llab-quvvatlaymiz, huquqiy va konsultativ yordam ko‘rsatamiz. Bundan tashqari, muzokaralar va uchrashuv joylarini belgilash, transport va logistika masalalarida yaqindan ko‘maklashamiz.
Agar Islomobodda O‘zbekiston milliy taomlari oshxonasi ochilsa, butun Markaziy Osiyo va Pokiston xalqi uchun ham go‘zal bir ramzga aylanadi.
OAV faoliyati haqida gapiradigan bo‘lsak, Pokistonda jurnalistika juda rivojlangan va erkin. Xususiy nashrlar va media resurslar juda ko‘p. Elchixonamiz bilan yaqindan hamkorlik qiladigan 80 dan ortiq mahalliy jurnalist bor. Toshkent xalqaro investitsiya forumi yoki yaqinda Samarqandda o‘tkazilgan tadbirlar va Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishi kabi yirik anjumanlarda kamida 4-5 nafar pokistonlik jurnalist va TV vakillari qatnashib, jarayonlarni keng yoritib bormoqda.
Telekanallar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishimiz kerak. Auditoriya millionlab tomoshabinlarni tashkil etadi. Nafaqat Samarqand, Buxoro va Xivani, balki Zomin, Parkent, Orolbo‘yi, Surxondaryo, Qashqadaryo va Sirdaryo kabi hududlarimizning sayyohlik salohiyatini namoyish etishimiz zarur.
Noyabr oyida Pokistonda O‘zbekiston madaniyati kunlarini o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Unda filmlar, spektakllar, rassomlarimizning ijodiy ishlari va estrada san’atimiz namoyish etiladi. Ishonchim komilki, bu tadbirlar pokistonlik tomoshabinlarda juda katta qiziqish uyg‘otadi.
Abdulaziz RUSTAMOV,
Yoqubjon MELIBOEV (video),O‘zA