Maktab va oliy ta’limdagi islohotlarning navbatdagi vazifalari ko‘rib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev maktab ta’limida yangi avlod darsliklarini joriy etish, oliygohlar va korxonalar hamkorligida dual ta’limni tashkil qilish, shuningdek, Lyaonin pedagogika universitetining O‘zbekistondagi filiali faoliyatini yo‘lga qo‘yish yuzasidan taqdimotlar bilan tanishdi.
Yangi O‘zbekiston maktab bitiruvchisi portretida bilim bilan bir qatorda zamonaviy ko‘nikmalar, axborot texnologiyalarini puxta egallash, ijodiy va mustaqil fikrlash, qaror qabul qilish qobiliyati muhim o‘rin tutadi. Darsliklar va ta’lim mazmunini yangilash ishlari ana shu maqsadga qaratilgan.
Taqdimotda avvalgi darsliklar tahlilining natijalari ko‘rib chiqildi. Jumladan, 260 ta darslikda 1 ming 257 ta xato, 51 ta darslikda 464 ta tarjima xatosi aniqlangan. Ayrim materiallar o‘quvchilarning yoshiga mos kelmagan, mavzular murakkab bayon qilingan. Yodlashga ustuvorlik berilgani esa bolalarning mustaqil tahlil qilishi va olgan bilimini hayotda qo‘llashiga yetarlicha xizmat qilmagan.

Shu bois, yangi o‘quv adabiyotlarini tayyorlashda xalqaro tajribaga murojaat qilindi. Boshlang‘ich sinf darsliklari Finlyandiya ta’lim alyansi sertifikatsiyasidan o‘tgan, 5-7-sinflarning matematika, fizika, kimyo va biologiya darsliklari Singapur darsliklari asosida ishlab chiqildi.
Yangi yondashuvda o‘quvchining har bir sinf yakunida nimani bilishi va bajara olishi aniq belgilanadi. Ta’lim standarti, o‘quv dasturi, darslik va baholash o‘zaro bog‘liq holda shakllantirilib, mavzularning yoshga mosligi, izchilligi hamda bilimni amaliyotda qo‘llash imkoniyatiga e’tibor qaratiladi. 2027-yilga qadar jami 1 ming 342 nomdagi darslik va o‘quv-metodik materialni tayyorlash rejalashtirilgan.
Darsliklarda tanqidiy fikrlash, muloqot, hamkorlik va ijodkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladigan topshiriqlar o‘rin olmoqda. Bola tayyor javobni eslab qolish bilan cheklanmay, savol berishi, ma’lumotni tahlil qilishi, o‘z fikrini asoslashi va birgalikda yechim topishi ko‘zda tutilgan.

O‘quv materiallarida kasbga yo‘naltirish ham alohida o‘rin egallaydi. Ayni yo‘nalishda 255 ta dars ishlab chiqilgan bo‘lib, ular bolalarga o‘z qiziqishlarini anglash va kelgusida kasbni ongli tanlashga yordam berishga qaratilgan. Darsliklardagi qahramonlar orqali do‘stlik, mas’uliyat, jasorat va hurmat kabi qadriyatlar ham bolalarga yaqin misollarda ochib beriladi.
Ekologik savodxonlikka oid 300 dan ortiq mavzu suvni tejash, tabiatni asrash va tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi. Moliyaviy savodxonlik bo‘yicha pulni hisoblash, tejash, jamg‘arish hamda xaridni rejalashtirish, raqamli savodxonlik bo‘yicha esa internetdan foydali va xavfsiz foydalanish masalalari qamrab olingan.
Taqdimotda yangi darsliklarning samarasi o‘qituvchining ular bilan ishlashga tayyorligiga bevosita bog‘liq ekaniga alohida e’tibor qaratildi. Shuning uchun o‘zgarishlar maktabgacha ta’limdan boshlab pedagoglarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish va o‘quvchilar bilimini baholashgacha bo‘lgan jarayonni qamrab olmoqda.

Xususan, “Ilk qadam” dasturi asosida bolalarning nutqi, tafakkuri, muloqot va ijodiy qobiliyatlarini birinchi sinfga qadar rivojlantirish yo‘lga qo‘yilgan. Pedagogika oliygohlarida yangi avlod o‘qituvchilarini tayyorlashga kirishilgan. Pedagoglar uchun tanqidiy fikrlash, ijodkorlik, muloqot va hamkorlikka asoslangan darslarni tashkil etish bo‘yicha maxsus o‘quv modullari ishlab chiqilgan.
Malaka oshirish dasturlari ham yangi darsliklar mazmuniga moslashtirildi. Shu asosda 110 ming nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi malaka oshirdi. Singapurlik hamkorlar bilan 121 nafar master-trener va 739 nafar murabbiy-o‘qituvchi tayyorlanib, ular orqali 90 ming nafar pedagog o‘qitildi.
Darslarda o‘quvchini mavzuga qiziqtirish, mustaqil tadqiq etishga undash, tushuntirish, bilimni qo‘llash va natijani baholashga asoslangan usullarni kengaytirish ko‘zda tutilmoqda. Videodarslar, animatsiya, audiomateriallar va interaktiv topshiriqlar ham o‘qituvchi hamda o‘quvchi uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.

Pedagoglarning kasbiy o‘sishini baholash va rag‘batlantirish mexanizmlari takomillashtirildi. Kasbiy sertifikatlashda o‘qituvchining fan bo‘yicha bilimi bilan birga pedagogik tayyorgarligi ham baholanmoqda.
Shuningdek, yangi ta’lim mazmuniga mos, aniq mezonlarga asoslangan baholash tizimi 5 mingta maktabda joriy etildi. Bu o‘quvchining faqat ma’lumotni yodlaganini emas, balki uni tushunishi va qo‘llay olishini ham baholashga qaratilgan.
Davlatimiz rahbari darslikni ishlab chiqishning o‘zi yetarli emasligini, yangi mazmunni ta’lim jarayoniga samarali joriy etish uchun pedagoglar tayyorgarligi, o‘qitish usullari va baholash tizimi birgalikda takomillashtirilishi zarurligini ta’kidladi hamda mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Iqtisodiyot tarmoqlariga ish jarayonini biladigan, zamonaviy ko‘nikmalarga ega mutaxassislar zarur. Shu maqsadda talabaning oliygohdagi nazariy ta’limini korxonadagi amaliy mashg‘ulotlar bilan bog‘lash bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.
Bundan uch oy avval o‘n nafar rektor Germaniyaga dual ta’lim tizimini o‘rganish uchun yuborilgan edi. Ushbu mamlakat tajribasida bitiruvchilarning 70-75 foizi o‘zi amaliyot o‘tagan korxonada ishlab qolmoqda. Taqdimotda Germaniya tajribasini mamlakatimiz sharoitiga moslashtirish va bu jarayonda korxonalarning kadrlar tayyorlashdagi ishtirokini kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekistonda ham mazkur yo‘nalishda amaliy tajriba shakllanmoqda. Jumladan, Andijon viloyatida 11 ming nafar talaba 2 mingta korxonada dual ta’lim asosida amaliyot o‘tamoqda. Davlatimiz rahbari barcha rektorlarni Andijonga yuborib, ushbu tajribani joyida o‘rganishni topshirdi. Germaniyada bo‘lgan rektorlar hududlar hokimlariga biriktirilib, dual ta’limni tashkil etish bo‘yicha aniq strategiya va ilmiy asoslangan takliflar tayyorlaydi.

Uchinchi va to‘rtinchi bosqich talabalarining kamida 80 foizini, ya’ni 185 ming nafar yoshni dual ta’lim bilan qamrab olish maqsadi belgilandi. Dastlab muhandislik, ishlab chiqarish, qurilish va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarga ustuvorlik berish taklif etilmoqda. 2027/2028 o‘quv yilida ushbu shakldagi ta’limga 75 ta oliygoh va 3,5 mingta korxonani jalb qilib, 12,5 ming nafar talaba uchun o‘qish va amaliyotni birgalikda tashkil etish rejalashtirilgan.
Yangi modelda oliygoh, korxona va talaba o‘rtasidagi munosabatlar shartnoma asosida yo‘lga qo‘yiladi. O‘quv dasturi korxona ehtiyojiga moslashtirilib, talabaga ish joyida malakali murabbiy biriktiriladi. Amaliyot o‘qish bilan bir vaqtda yoki soha xususiyatidan kelib chiqib alohida davrda tashkil etilishi mumkin.
Talabalarni amaliyotga qabul qilgan, ular uchun o‘qish sharoitini yaratgan va keyinchalik ishga joylagan korxonalarni rag‘batlantirish choralari ham taqdimot qilindi.

Xususan, talabaga to‘langan ish haqining 50 foizini subsidiya sifatida qoplash, bojxona to‘lovlari va amortizatsiya bo‘yicha imtiyozlar berish, 25 nafardan ortiq talabani amaliyotga olgan korxonalarga davlat xaridlarida preferensiyalar qo‘llash taklif qilinmoqda. Bunday qo‘llab-quvvatlashni inson omilini kamaytirgan holda raqamli platforma orqali amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, dual ta’limni samarali tashkil etgan korxonalar va oliygohlarni rag‘batlantirish uchun tanlov o‘tkazish taklifi ham ko‘rib chiqildi. Bunda talabalarning qamrovi, ish haqi, o‘zlashtirishi va bitiruvchilarning bandligi asosiy natija sifatida baholanadi.
Taqdimot davomida Xitoyning Lyaonin pedagogika universitetining O‘zbekistondagi filiali faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq masalalar ham ko‘rib chiqildi. Mazkur tashabbus xitoy tilini biladigan kadrlar tayyorlash, oliygohlar, texnikumlar va maktablarda uni o‘qitishni kengaytirishga qaratilgan. Lyaonin universiteti Xitoyning pedagogika yo‘nalishidagi yetakchi oliygohlaridan biri bo‘lib, ayniqsa, psixologiya, xitoy tili filologiyasi va ta’lim fanlari bo‘yicha katta tajribaga ega.

Xiva shahrida joylashgan filialda xalqaro xitoy tili ta’limi, xalqaro biznes, turizm boshqaruvi va sun’iy intellekt yo‘nalishlari ochiladi. Ta’lim o‘zbek, xitoy va ingliz tillarida olib boriladi, bitiruvchilarga O‘zbekiston va Xitoyda tan olinadigan diplom beriladi. Jarayon 2026/2027 o‘quv yilida boshlanishi ko‘zda tutilmoqda.
Filialning mahalliy oliygohlar bilan akademik hamkorligi, talabalar va pedagoglar almashinuvi hamda qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi. Xitoy tajribasi asosida texnikumlar dasturlarini takomillashtirish, informatika o‘qituvchilari uchun sun’iy intellekt bo‘yicha malaka oshirish kurslarini tashkil etish ham ko‘zda tutilmoqda.
Davlatimiz rahbari dual ta’limni hududlardagi korxonalarning kadrlarga bo‘lgan aniq ehtiyoji bilan bog‘lash, Lyaonin universiteti filialida esa ta’lim sifati va qabul jarayonlarini puxta tashkil etish zarurligini ta’kidladi. Mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.