O‘zbekiston va Jazoir: ko‘p qirrali munosabatlar yangi bosqichga chiqadi
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Jazoir Xalq demokratik Respublikasining O‘zbekistondagi yangi tayinlangan Favqulodda va muxtor elchisi Jamila Ashur bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Jazoir o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash, parlamentlararo aloqalarni faollashtirish, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, ikki mamlakatni tarixiy rishtalar, mushtarak qadriyatlar, yaqin madaniyat va urf-odatlar bog‘lab turadi. O‘zbekiston Jazoir bilan ko‘p qirrali munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishdan manfaatdor.
Suhbat chog‘ida parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, parlamentlararo hamkorlik guruhlari faoliyatini kuchaytirish, shuningdek, ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasida amaliy muloqotni yanada kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Uchrashuvda xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni izchil davom ettirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati va sanoat kooperatsiyasi sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish istiqbollariga e’tibor qaratildi.
Madaniy-gumanitar sohada Islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish, ilmiy va ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, Toshkent va Al-Jazoir shaharlarida madaniyat kunlari va san’at ko‘rgazmalari o‘tkazish muhimligi qayd etildi.
Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini yanada oshirish, gender tenglikni ta’minlash, odam savdosiga qarshi kurashish, barqaror rivojlanish va korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishlarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda o‘zaro tajriba almashish muhimligi ta’kidlandi.
Jazoir parlamenti vakillari 2026-yil 4 - 6-sentabr kunlari Samarqand shahrida Parlamentlararo ittifoq va O‘zbekiston parlamenti hamkorligida o‘tkaziladigan Yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasida ishtirok etishga taklif qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA