Migratsiya munosabatlariga oid loyiha mas’ul qo‘mitaga qaytarildi
Parlament quyi palatasi majlisida “Migratsiya sohasidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, ushbu qonun loyihasi bilan yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishga oid atama va tushunchalar barcha qonun hujjatlarida birxillashtirilmoqda. Jumladan, amaldagi bir qator kodeks va qonunlardagi “doimiy yashash joyi”, “vaqtincha turgan joyi” kabi tushunchalar tegishli tarzda “yashash joyi” va “turgan joyi” tushunchalariga almashtirilmoqda.
Shuningdek, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni mehmonxonalar, motellar, turistik lagerlar, dam olish uylari va zonalari, sanatoriylar, davolash pansionatlari, davlat tasarrufidagi va xususiy klinikalar, shifoxonalar, kasalxonalarda turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini buzganlik uchun mansabdor shaxslarning mas’uliyat va javobgarligini oshirishga qaratilgan normalar kiritilmoqda. Ya’ni, mehmonxona, motel, sanatoriy va davolanishga kelgan xorijliklar “E-mehmon” axborot tizimi orqali ro‘yxatga kiritilmasa, mas’ullar javobgarlikka tortiladi. Bu turizm va xizmatlar sohasining barqaror rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash hamda yashirin iqtisodiyot ko‘lamini qisqartirishga xizmat qiladi.
Umuman, qonun loyihasining qabul qilinishi qonunchilikni o‘zaro muvofiqlashtirishga, migratsiya munosabatlarini zamonaviy talablar asosida tartibga solishga, fuqarolar uchun qulaylik yaratishga va huquqni qo‘llash amaliyotini birxillashtirishga xizmat qiladi.
Muhokamalar davomida deputatlar tomonidan qator savollar o‘rtaga tashlandi, taklif-mulohazalar bildirildi. Jumladan, pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun fuqarolarga BHMning 5 baravari, mansabdor shaxslarga esa 20 baravari miqdorida jarima solinishi belgilanmoqda. Jarima miqdoridagi tafovut e’tiroz va muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ya’ni, pasportsiz fuqaroni xonadonga vaqtincha qo‘yadimi, mehmonxona yoki kasalxonaga yotqiziladimi, buning oqibati, xavfi bir xil bo‘ladi. Shuningdek, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni mehmonxonalar, turistik lagerlar, dam olish uylari va zonalariga qabul qilish tartibi nimalardan iborat ekanligi ko‘rsatilmagan.
Qizg‘in muhokamalardan so‘ng qonun loyihasidagi ayrim normalarni takomillashtirish maqsadida loyiha mas’ul qo‘mitaga qaytarildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA