O‘zbekiston va Italiya: ta’lim va ilm-fan sohalaridagi hamkorlik kengaytiriladi
Oliy Majlis Senatiga Italiya Respublikasi parlamenti Deputatlar palatasi deputati, “Italiya – Markaziy Osiyo” parlamentlararo hamkorlik guruhi rahbari Fabritsio Bensoni boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Bahrom Abdullayev bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarining bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish va o‘zaro manfaatli tashabbuslarni ilgari surish masalalariga e’tibor qaratdi.
Parlamentlararo hamkorlik guruhlari faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish, ular o‘rtasida muntazam muloqotni ta’minlash, qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Ta’lim va ilm-fan sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
N.Abduraimova, O‘zA