G‘olib o‘quvchilar munosib kutib olindi
Avstraliyaning Sidney shahrida IMEC (Mathematics Olympiad) va JSEO (junior-senior english Olympiad) xalqaro olimpiadalari bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zbekistonlik o‘quvchi-yoshlar yuksak natijalarga erishib qaytdi.
Mazkur xalqaro olimpiadalarning saralash bosqichida 60 ga yaqin mamlakatdan 30 mingga yaqin o‘quvchi ishtirok etdi. Final bosqichida esa 20 ga yaqin davlatdan kelgan 500 nafardan ortiq iqtidorli o‘quvchilar bellashdi.
O‘quvchilarda bilim olishga bo‘lgan qiziqishni oshirish, tanqidiy va mantiqiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish, shuningdek, turli mamlakatlardan kelgan yoshlar o‘rtasida xalqaro hamkorlik va madaniy almashinuvni kuchaytirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimiz nomidan ishtirok etgan o‘quvchilar yuqori natijalarni qo‘lga kiritdi.
[gallery-28813]
Xususan, musobaqa yakunlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik o‘quvchilar 4 ta oltin, 6 ta kumush, 7 ta bronza medali va 1 ta “Honorable mention” natijalarini qo‘lga kiritdi.
Mazkur xalqaro musobaqa matematika va ingliz tili yo‘nalishlarida o‘quvchilarning o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun muhim platforma vazifasini o‘tamoqda.
O‘zbekistonlik o‘quvchilarning ushbu nufuzli xalqaro olimpiadalardagi yutuqlari mamlakatimiz ta’lim sohasidagi yana bir muhim natija sifatida e’tirof etilmoqda.
Gulnoza Boboyeva, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA