O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasida raqamli va texnologik hamkorlik mustahkamlanmoqda
O‘zbekiston va Chexiya Respublikasi o‘rtasida o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali yo‘nalishlarga ega strategik aloqalar rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, bu jarayonda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ta’lim, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlik muhim o‘tin tutadi.
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari, professor Dildora Karimova ikki mamlakat hamkorligi haqida quyidagilarni gapirib berdi:
–O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasida mustahkam ishbilarmonlik, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy aloqalar mavjud bo‘lib, bu munosabatlar 2024-2026 yillarda sezilarli darajada faollashdi. 2025 yilning mart oyida Praga shahrida Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 10-majlisi bo‘lib o‘tdi va bu o‘zaro hamkorlikning yanada tizimli formatiga o‘tishni tasdiqladi.
Tomonlar yangi qo‘shma loyihalar, qo‘shma korxonalarni ishga tushirish, uzoq muddatli moliyalashtirish, biznesni qo‘llab-quvvatlash vositalarini kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Transport, farmatsevtika, elektrotexnika, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, qishloq xo‘jaligi, charm sanoati, turizm, ta’lim kabi sohalardagi loyihalarga alohida e’tibor qaratildi.
Chexiyaning transport vositalarini ishlab chiqarishga ixtisosolashgan yetakchi mashinasozlik konglomerati – “Škoda Transportation” (Škoda Group), mashhur farmatsevtika kompaniyasi bo‘lgan “Doctor Müller Pharma”, havoni tozalash, ventilyatsiya tizimlari, sanoat injiniringi yo‘nalishlarida loyihalash va uskunalarni yetkazib berishga ixtisoslashgan “ZVVZ Engineering” muhandislik kompaniyasi Chexiya sanoati va biznesining xalqaro, jumladan, Markaziy Osiyodagi hamkorlik jarayonida faol ishtirok etayotgan yirik vakillaridir.
Chexiya nuqtai nazaridan O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng katta bozorlardan biri hisoblanadi. Chexiyaning O‘zbekistonga oid rasmiy biznes- profili uni Chexiya Respublikasi uchun Markaziy Osiyodagi muhim savdo sherigi sifatida aniq belgilaydi va so‘nggi yillarda Chexiya eksporti sezilarli darajada oshganini qayd etadi. Chexiya tomonidan yurtimizga kiritilayotgan investitsiyalarning bosqichma-bosqich ortib borishi Chexiya Respublikasini Yevropaning O‘zbekiston bozoridagi muhim investoriga aylantiradi.
Mashinasozlik, geologiya va tog‘-kon sanoati, kimyo va farmatsevtika, energetika hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridir. Bunda asosiy e’tibor ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, texnologiyalarni joriy etish, kadrlar malakasi va energiya samaradorligini oshirish, shuningdek, muhim foydali qazilmalar va yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar bilan bog‘liq loyihalarga qaratilmoqda. Uzoq muddatli moliyalashtirish, qo‘llab-quvvatlash vositalarini kengaytirish, korxonalar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va qo‘shma korxonalarni ishga tushirish loyihalarni amalga oshirish shakllari hisoblanadi. Ayni paytda mamlakatimizda Chexiya kapitali ishtirokida tashkil etilgan 44 ta korxona faoliyat yuritmoqda.
2025-2026 yillarda O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasida raqamli va texnologik hamkorlikni mustahkamlash nafaqat umumiy rejalarda, balki bir qancha amaliy yo‘nalishlarda ham namoyon bo‘lmoqda. Ikki mamlakat o‘rtasidagi raqamli va texnologik hamkorlikni mustahkamlash ikki tomonlama munosabatlarning yangi bosqichiga o‘tish sifatida tavsiflanishi mumkin. Bunda savdo bilan bir qatorda startaplar, AT-autsorsing, innovatsiyalar, texnik tartibga solish va texnologiyaga yo‘naltirilgan investitsiyalarning roli ortib bormoqda. Bu raqamli iqtisodiyot, sanoat va yuqori texnologiyalar sohasida qo‘shma loyihalarni yanada rivojlantirish uchun zamin yaratadi.
Startap va innovatsiyalar sohasida hamkorlikning rivojlanishi ikki tomonlama aloqalarning an’anaviy savdodan qo‘shma innovatsion ekotizimga qadar kengayganini ko‘rsatadi. O‘zbekistonda Chexiyaning bir qator autsorsing va AT-kompaniyalari ofislarining ochilishi Global biznes xizmatlari (GBS), axborot texnologiyalari xizmatlari va masofaviy xizmatlar ko‘rinishida ko‘proq qo‘llaniladigan raqamli hamkorlikka o‘tilayotganidan dalolat beradi.
Texnologik hamkorlik standartlashtirish, metrologiya va texnik jihatdan tartibga solish orqali ham mustahkamlanmoqda. Standartlar, sinovlar va bozor nazorati masalalari birgalikda hal qilinadi. Bu esa hamkorlikdagi ishlab chiqarish, texnologik yangilanish va mahsulotlarni bozorlarga chiqarishda muhim ahamiyatga ega. Bunday hamkorlik sanoat kooperatsiyasi va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish uchun institutsional asos yaratadi. Sanoat investitsiyalari va qo‘shma loyihalarni kengaytirish bo‘yicha yangi kelishuvlar alohida aloqalardan texnologik sheriklikning yanada tizimli shakliga o‘tishdan dalolat beradi.
Madaniy aloqalar hozir yirik davlatlararo madaniy shartnomalar orqali emas, balki elchixonalar, turli festivallar, ta’lim va turizm sohalaridagi hamkorlik orqali ko‘proq rivojlanmoqda.
Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston uchun Chexiya texnologiya, transport, farmatsevtika, standartlashtirish, turizm va sanoat loyihalari bo‘yicha Yevropadagi muhim hamkor. Chexiya Respublikasi uchun O‘zbekiston o‘sib borayotgan sarmoyaviy salohiyat va mintaqaga kirish uchun qulay platformaga ega jadal rivojlanayotgan Markaziy Osiyo bozoridir. Tomonlarning rasmiy bayonotlariga ko‘ra, hamkorlikning yaqin istiqbolida asosiy e’tibor savdo-sotiqni rivojlantirish, delegatsiyalar almashish, Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish, sarmoya kiritishni kengaytirish va boshqa tadbirlarga qaratiladi.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.