O‘zbekiston va Belarus texnik tartibga solish sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda
Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish hamda muvofiqlikni baholash sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida Belarus Respublikasi Standartlashtirish davlat qo‘mitasi vakillari ishtirokida onlayn muloqot tashkil etildi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston – Belarus Hukumatlararo komissiyasining o‘n birinchi va o‘n ikkinchi yig‘ilishlarida qabul qilingan qarorlar ijrosi, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish hamda ikki davlat uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘nalishlardagi hamkorlik istiqbollari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Tomonlar keyingi yillarda savdo-iqtisodiy aloqalar barqaror o‘sish sur’atlarini namoyon etayotganini alohida ta’kidladi. Xususan, 2025-yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi 25 foizga o‘sib, qariyb 1 milliard AQSH dollariga yetgan. Joriy yilning yanvar-mart oylarida esa tovar ayirboshlash hajmi qariyb 50 foizga ortib, 259,7 million AQSH dollarini tashkil etgani ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar izchil rivojlanayotganidan dalolat beradi.
Muloqot chog‘ida investitsiyaviy hamkorlik natijalari ham qayd etildi. Bugungi kunda O‘zbekistonda Belarus kapitali ishtirokidagi 245 ta korxona faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, Belarus hududida o‘zbek kapitali ishtirokidagi 110 ta korxona samarali ish olib bormoqda. Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi qo‘shma loyihalar portfeli 341 million AQSH dollariga yetgani ta’kidlandi.
Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish masalasi bo‘ldi. Xalqaro amaliyot va texnik tartibga solish ta’sirini baholash natijalari asosida amaldagi texnik reglamentlarni takomillashtirish, xususan, past kuchlanishli uskunalar xavfsizligiga oid texnik reglamentni qayta ko‘rib chiqish yuzasidan fikr almashildi. Shu bilan birga, elektrotexnika mahsulotlarini sertifikatlashtirish sohasida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar Hukumatlararo komissiyaning o‘n birinchi va o‘n ikkinchi yig‘ilishlarida erishilgan kelishuvlarni belgilangan muddatlarda amalga oshirish, shuningdek, yakunlovchi bayonnomada nazarda tutilgan barcha yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy hamkorlikni yanada faollashtirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladi.
Standartlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo munosabatlarini yanada rivojlantirish, mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish hamda tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA