Davlat raqami yechilgan holda yashirilgan “Lacetti” aniqlandi
Sud qarorlari ijrosini ta’minlash va qarzdorliklarni undirish maqsadida o‘tkazilayotgan reyd tadbirlari davomida qarzdorlarga tegishli mol-mulklarni aniqlash ishlari izchil davom etmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Majburiy ijro byurosi Jizzax viloyati boshqarmasi Qidiruv sho‘’basi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi reyd davomida jami 100 ta ijro hujjati bo‘yicha 85,5 million so‘m qarzdorligi mavjud bo‘lgan fuqaro A.Sh.ga tegishli “Lacetti” rusumli avtomashina topilgan.
Tekshiruv jarayonida ushbu transport vositasi davlat raqam belgisi yechilgan holda avtotransport vositalari saqlanadigan maydon hududida yashirib qo‘yilgani aniqlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan qarzdorlikni undirish hamda sud hujjatlari ijrosini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Majburiy ijro byurosining qayd etishicha, qarzdorliklarni undirish, mol-mulklarni qidirib topish va sud qarorlari ijrosini ta’minlashga qaratilgan reyd tadbirlari davom ettiriladi. Shuningdek, sud hujjatlarini ijro etmaslik yoki mol-mulkni yashirish qonunchilikda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.
Hamroz Bayonov,
O‘zA