O‘zbekiston va Belarus tadbirkor ayollarining uchinchi biznes-forumi deklaratsiyasi qabul qilindi
O‘zbekiston va Belarus tadbirkor ayollarining uchinchi biznes-forum doirasida “Made in Uzbekistan” milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Ko‘rgazmaga O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva va Belarus Milliy majlisi Respublika Kengashi Raisi Natalya Kochanova tashrif buyurdi.
Ko‘rgazmada mamlakatimizning qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika, yengil sanoat, elektrotexnika, axborot texnologiyalari, turizm va hunarmandchilik kabi sohalarda ishlab chiqarilgan turli xil mahsulot va xizmatlar keng namoyish etildi.
“Made in Uzbekistan” brendi ostida taqdim etilgan mahsulotlar O‘zbekistonda mahalliy xomashyo asosida, zamonaviy texnologiyalar yordamida ishlab chiqarilgan bo‘lib, ular sifat jihatidan xalqaro talablarga to‘la javob beradi.
Ko‘rgazmada Belarusning milliy mahsulotlari ham namoyish qilindi. Bu ikki mamlakat ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida o‘zaro o‘rganish, tajriba almashish va yangi hamkorlik loyihalarini muhokama qilish uchun qulay muhit yaratdi.
Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston va Belarus tadbirkorlari o‘rtasida “B2B” muloqotlar, mahsulotlar taqdimotlari va uchrashuvlar tashkil etildi.
***
Vitebsk shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Belarus Respublikasi Milliy majlisi Respublika Kengashi hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiyasining birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda Parlamentlararo komissiyaning tashkil etilgani O‘zbekiston-Belarus munosabatlarini rivojlantirishda muhim qadam bo‘lgani ta’kidlandi. Yangi mexanizm siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar sohalarda tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish, tashabbuslarni muvofiqlashtirish va uzoq muddatli hamkorlik dasturlarini ishlab chiqish imkonini beradi.
Hududlararo hamkorlikni rivojlantirish va mahalliy vakillik organlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga alohida urg‘u berildi. Parlament a’zolari ta’lim, madaniyat, sog‘liqni saqlash, turizm va ijtimoiy siyosat sohalarida faol tajriba almashish va loyihalarni birgalikda amalga oshirish orqali hududlar hamkorlikning drayveriga aylanishi mumkinligini ta’kidladi.

O‘zbekiston va Belarus tadbirkor ayollarining uchinchi biznes-forumi bo‘lib o‘tgani, uning doirasida turizm, ta’lim, sog‘liqni saqlash, yengil sanoat, mashinasozlik va boshqa muhim yo‘nalishlar bo‘yicha yig‘ilishlar o‘tkazilgani yuqori baholandi.
Yoshlar parlamentlari o‘rtasida faol hamkorlik zarurligi ta’kidlandi. Bu yosh avlodga qonun ijodkorligida ishtirok etish, tajriba almashish va do‘stona aloqalarni mustahkamlash imkonini beradi.
Majlis yakunlari bo‘yicha parlamentlararo muloqotni chuqurlashtirish, mintaqaviy aloqalarni rivojlantirish, jamoatchilik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va yoshlarni ushbu jarayonga jalb etishga qaratilgan qo‘shma mexanizm va dasturlarni ishlab chiqishga kelishib olindi. Komissiya faoliyati O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi har tomonlama sheriklikni mustahkamlashda muhim vositaga aylanishi ta’kidlandi.
***
“O‘zbekiston - Belarus: hamkorlik barqaror rivojlanish omili sifatida” mavzusida O‘zbekiston va Belarus tadbirkor ayollarining uchinchi biznes-forumining yalpi majlisi o‘tkazildi.
Tadbirni Tanzila Norboyeva va Natalya Kochanova kirish so‘zi bilan ochib berdi. Yalpi majlis ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko tomonidan yo‘llangan murojaatlar o‘qib eshittirildi.
Ushbu murojaatlarda ikki davlat rahbarlarining ayollar ishtirokidagi biznes hamkorlikni rivojlantirishga qaratayotgan e’tibori alohida ta’kidlandi.
Ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati, istiqbollari, xususan, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, savdo-iqtisodiy, investitsion va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Biznes-forum natijalari samarali va amaliy jihatdan boy bo‘ldi. Forum doirasida 140 million AQSH dollaridan ortiq qiymatga ega 10 ta tijorat bitimi, 3 ta anglashuv memorandumi, 27 ta shartnoma hamda 4 ta “yo‘l xaritasi” imzolandi.
Tadbirda O‘zbekiston va Belarusdan 200 nafardan ziyod tadbirkor ishtirok etdi. Ularning 60 nafari o‘zbekistonlik tadbirkor ayollardir.
Forum ishtirokchilari tomonidan O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, yangi tashabbuslar va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam asos yaratilgani ta’kidlandi.
Yalpi majlis yakunida O‘zbekiston va Belarus tadbirkor ayollarining uchinchi biznes-forumi deklaratsiyasi qabul qilindi. Unda hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.
O‘zbekiston – Belarus tadbirkor ayollarining keyingi – to‘rtinchi biznes-forumini O‘zbekistonda, tarixiy shaharlardan birida o‘tkazish rejalashtirilayotgani qayd etildi.
N.Abduraimova, O‘zA