Diniy-ma’rifiy sohada zamonaviy boshqaruv: yangi avlod mutaxassislari tayyorlanmoqda
Jamiyatda ma’naviy-ma’rifiy muhit barqarorligini ta’minlash, aholining diniy-ma’rifiy bilimlarini oshirish, yoshlarda sog‘lom dunyoqarashni shakllantirish hamda ularni turli yot g‘oyalar ta’siridan asrashda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega malakali kadrlarning o‘rni muhim.
Bugungi murakkab va tez o‘zgarayotgan axborot makonida diniy-ma’rifiy sohani zamonaviy boshqaruv usullari asosida tashkil etish, sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning kasbiy va boshqaruv salohiyatini yuksaltirish dolzarb vazifalardan biridir.

Joriy yil 18-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining “Diniy-ma’rifiy soha menejmenti” magistratura mutaxassisligiga qabul qilish tartibini belgilash to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi.
Mazkur qaror asosida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida 2026/2027-o‘quv yili uchun “Diniy-ma’rifiy soha menejmenti” magistratura mutaxassisligiga qabul doirasida suhbat-imtihonlar o‘tkazildi.

– Ushbu mutaxassislik bo‘yicha jami 36 nafar talabgor hujjat topshirgan bo‘lib, suhbat-imtihonlarni belgilangan tartib va mezonlar asosida o‘tkazish maqsadida akademiyada zarur tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirildi, - dedi qabul komissiyasi mas’ul kotibi Ashurali Abdurashidov. – Suhbatni o‘tkazuvchi Maxsus komissiya a’zolariga imtihon jarayonining tartibi, baholash mezonlari va talabgorlarga qo‘yiladigan talablar yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi.

Suhbat jarayonida talabgorlarning diniy-ma’rifiy sohadagi bilim va tasavvurlari bilan bir qatorda huquqiy savodxonligi, boshqaruv va liderlik qobiliyatlari, jamoa bilan ishlash ko‘nikmalari, strategik va tahliliy fikrlashi, tashabbuskorligi, innovatsion yondashuvi hamda notiqlik mahorati belgilangan mezonlar asosida baholandi.
“Diniy-ma’rifiy soha menejmenti” magistratura mutaxassisligining o‘ziga xos jihati shundaki, unda sohaviy bilimlar bilan bir qatorda zamonaviy menejment, boshqaruv, strategik rejalashtirish, tahliliy fikrlash va jamoa bilan samarali ishlash ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Shu nuqtai nazardan, magistraturaga qabul doirasida o‘tkazilgan suhbat-imtihonlar talabgorlarning bilim va salohiyatini kompleks baholash, ularning kasbiy va boshqaruv qobiliyatlarini aniqlashga xizmat qildi.
Mazkur mutaxassislik bo‘yicha tahsil oladigan magistrantlarda diniy-ma’rifiy sohada zamonaviy boshqaruv yondashuvlarini qo‘llash, samarali loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish, jamoalar faoliyatini muvofiqlashtirish, strategik qarorlar qabul qilish hamda sohadagi dolzarb masalalarga tahliliy yondashish kabi ko‘nikmalarni shakllantirish ko‘zda tutilgan.
N.Usmonova,
O‘zA