O‘zbekiston-Turkiya: radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi
Xalqaro atom energiyasi agentligining (XAEA) 70-Bosh konferensiyasi doirasida radiatsiya va yadro xavfsizligi yo‘nalishida O‘zbekiston va Turkiya hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan muhim kelishuvga erishildi.
Xususan, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi huzuridagi Radiatsiya va yadro xavfsizligi ilmiy-texnik markazi hamda Turkiyaning NÜTED (Nuclear Technical Support Joint Stock Company) tashkiloti o‘rtasida axborot almashinuvi va o‘zaro hamkorlikni nazarda tutuvchi hujjat imzolandi.
Kelishuv doirasida ikki tomonning ilmiy-texnik salohiyatidan samarali foydalanish, sohada to‘plangan tajriba va ilmiy bilimlarni o‘zaro almashish hamda zamonaviy yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, qo‘shma ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, texnik ekspertiza imkoniyatlarini kengaytirish va tahliliy salohiyatni oshirish rejalashtirilgan. Mutaxassislarning malakasini yuksaltirish maqsadida o‘quvlar, seminarlar va boshqa kasbiy rivojlanish tadbirlarini tashkil etish ham hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Qo‘mita axborot xizmatining xabar berishicha, tomonlar o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda qo‘shma loyiha va tadbirlarni amalga oshirish asosida radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasidagi ilmiy-texnik hamkorlikni yanada kengaytirishni maqsad qilgan.
N.Ziyodullayeva, O‘zA