BIOME: O‘zbekistonda jahon darajasidagi hujayra texnologiyalari markazi barpo etiladi
14-sentabr kuni Seul shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon huzurida O‘zbekistonda yangi BIOME markazini tashkil etish bo‘yicha memorandum imzolandi.
BIOME g‘oyasi Fanlar akademiyasining Ilg‘or texnologiyalar markazida tug‘ilgan va uni amalga oshirish ishlari shu yerda boshlangan. Memorandumning imzolanishi loyihani yangi bosqichga olib chiqib, jahon darajasidagi zamonaviy infratuzilmani yaratish uchun keng imkoniyatlar ochadi.
BIOME — hujayralar, genomlar va biotibbiy ma’lumotlarni yagona tizimda birlashtiradigan kelajak tibbiyoti ekotizimidir. Hujayra texnologiyalari dori haqidagi tasavvurimizni o‘zgartirmoqda: muayyan xususiyat va vazifalarga ega tirik hujayralarning o‘zi davolash vositasiga aylanishi mumkin. Bu o‘smalarga qarshi kurashish, shikastlangan to‘qimalarni tiklash hamda mavjud usullar yetarli bo‘lmagan kasalliklarni davolash uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Bunday texnologiyalarni rivojlantirish uchun sifatli hujayra materiali, uni chuqur o‘rganish, zamonaviy laboratoriyalar, katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish, ishlab chiqarish quvvatlari va klinikalar bilan hamkorlik zarur. BIOME aynan shu tizimni yaratadi.
Hujayralar — loyihaning biologik asosi. Biobank hujayra materiallari va hujayra liniyalarini shakllantiradi, o‘rganadi va saqlaydi. Ular yangi hujayra mahsulotlarini yaratish uchun asosiy resurs bo‘lib xizmat qiladi. Genomlar — hujayralarni chuqur anglash imkoniyati. Genom texnologiyalari hujayra liniyalarining o‘ziga xos xususiyatlari, barqarorligi va xavfsizligini baholashga yordam beradi. Ma’lumotlar esa butun tizimni birlashtiradi. Bioinformatika va sun’iy intellekt hujayralar haqidagi ma’lumotlarni tadqiqot va sinov natijalari bilan taqqoslab, tibbiyot uchun yangi yechimlarni topish imkonini beradi. Shuning uchun BIOME’ni shunchaki genetik ma’lumotlar bazasi deb atash uning mohiyatini juda toraytiradi. BIOME — hujayra va ilmiy g‘oyadan boshlab, tayyor hujayra mahsulotini ishlab chiqarish va klinikada qo‘llashgacha bo‘lgan to‘liq jarayonni qamrab oladigan yagona texnologik platforma. Bundan asosiy maqsadi — O‘zbekistonni ilg‘or ishlanmalar yaratiladigan, ishlab chiqariladigan va bemorlarni davolashda qo‘llaniladigan hujayra texnologiyalari va hujayra terapiyasining jahon markazlaridan biriga aylantirish.
Ma’lumot uchun: Fanlar akademiyasining Ilg‘or texnologiyalar markazida BIOME loyihasini amalga oshirish uchun zarur ilmiy-texnologik baza allaqachon shakllantirilgan. Bu yerda O‘zbekistondagi birinchi ildiz hujayralar banki faoliyat yuritmoqda va unda 1200 dan ortiq namuna saqlanmoqda. Markazda yaratilgan hujayra mahsulotlari kuyish jarohatlarini davolash va to‘qimalarni tiklashda, yuz-jag‘ jarrohligi hamda oftalmologiyada qo‘llanilmoqda. Shuningdek, onkologik kasalliklarga qarshi kurashish uchun NK-hujayralar asosida preparat yaratilgan va uni amaliyotga joriy etishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Markaz faoliyatining yana bir yirik yo‘nalishi — “O‘zbekistonning 1000 genomi” loyihasi. 1200 dan ortiq ishtirokchiga oid qariyb 10 million genetik marker mamlakat aholisining genetik xaritasini yaratish uchun asos bo‘lmoqda. Bu irsiy xususiyatlarni o‘rganish, kasalliklar xavfini oldindan baholash va shaxsiylashtirilgan tibbiyotni rivojlantirish uchun noyob milliy resursdir. Shu tariqa, Fanlar akademiyasida BIOME’ning asosiy yo‘nalishlari — hujayra texnologiyalari, genom tadqiqotlari va klinik tibbiyot birlashgan. Yangi markaz to‘plangan ilmiy salohiyat va texnologiyalarni yagona infratuzilma asosida rivojlantirish hamda tadqiqot va ishlanmalar ko‘lamini sezilarli darajada kengaytirish imkonini beradi.
Muhayyo Turdaliyeva, O‘zA