O‘zbekiston–Tojikiston: Sholichilikda ilmiy hamkorlik va tajriba almashinuvi yangi bosqichda
Sholichilik sohasida olib borilayotgan islohotlar va amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari bilan yaqindan tanishish maqsadida qo‘shni Tojikiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi delegatsiyasi Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari institutning ilmiy-innovatsion faoliyati, zamonaviy laboratoriya sharoitlari hamda sholi yetishtirish, seleksiya va urug‘chilik yo‘nalishlarida olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari bilan yaqindan tanishdi.

Shuningdek, olimlar tomonidan yaratilayotgan yangi yuqori hosilli, kasalliklarga chidamli sholi navlari, suv resurslaridan samarali foydalanish texnologiyalari hamda ilg‘or agrotexnik usullar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, xususan sholichilik yo‘nalishida ilmiy hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish va mutaxassislar malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Yakunda ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma tadqiqotlar olib borish hamda innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha kelishildi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA