O‘zbekiston-Tojikiston: manfaatli hamkorlik yo‘lida muhim qadam
“O‘zbekneftgaz” AJda Tojikiston Respublikasi rasmiy delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, sanoat sohasidagi aloqalarni kengaytirish hamda neft-gaz yo‘nalishida yangi imkoniyatlarni ishga solish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar ikki davlat rahbarlari boshchiligida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi hamkorlik strategik darajaga chiqqanini alohida qayd etdi. Ayniqsa, bunda o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va do‘stona munosabatlarga asoslangan hamkorlik barqaror rivojlanib bormoqda.
Mehmon tomon “O‘zbekneftgaz” AJ tizimidagi yirik sanoat korxonalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga qiziqish bildirdi. Ular ushbu yo‘nalishdagi hamkorlik imkoniyatlarini yanada kengaytirish yuzasidan fikr almashdi. Ta’kidlanishicha, mahsulot yetkazib berish va boshqa iqtisodiy kelishuvlar to‘liq bozor tamoyillari asosida amalga oshiriladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ikki davlat manfaatlariga xizmat qiladigan hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib oldi.
Mazkur uchrashuv O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida neft-gaz va sanoat sohalaridagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadamdir.
N.Ziyodullayeva, O‘zA