Insonlar hayotini "tez yordam" siz taassuvur etib bo‘lmaydi
Jizzax viloyatining Zafarobod tumanida yangi tez tibbiy yordam stansiyasi, Zomin tumanidagi Suffa hududida esa zamonaviy tez tibbiy yordam shahobchasi ish boshladi.
Ba’zan inson taqdiri bir necha daqiqa, hatto bir necha soniya ichida hal bo‘ladi. Ana shunday pallada tez tibbiy yordam xizmati nafaqat tibbiyotning, balki insonparvarlikning ham eng ta’sirchan ko‘rinishi sifatida namoyon bo‘ladi.
Jizzax viloyatida foydalanishga topshirilgan mazkur ikki yangi ob’ekt ana shu ezgu maqsadga xizmat qiladi.
Mamlakatimizda aholiga shoshilinch tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil davom etmoqda. Bu borada yaratilayotgan zamonaviy infratuzilma inson qadrini ulug‘lashga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.
Bugun Jizzax viloyatida 13 ta tez tibbiy yordam stansiyasi, 1 ta podstansiya, 64 ta tayanch punkt va 124 ta tez tibbiy yordam brigadasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Tizimda 3 ming 202 nafar xodim mehnat qilayotgan bo‘lsa, ular ixtiyorida 210 ta maxsus transport vositasi mavjud.
[gallery-29902]
Bu xizmatga ehtiyoj yil sayin ortib borayotganini raqamlar ham tasdiqlaydi. 2025-yilda viloyat bo‘yicha “103” xizmatiga 561 ming 894 ta chaqiruv kelib tushgan. Joriy yilning 1-iyun holatiga ko‘ra esa bu ko‘rsatkich 179 ming 781 tani tashkil etgan.
Zafarobod tumanida ochilgan yangi stansiya 55 mingdan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatadi. Bu yerda 5 ta brigada — 4 ta umumshifokorlik va 1 ta feldsherlik jamoasi faoliyat yuritmoqda. Stansiyada jami 137 nafar xodim mehnat qiladi. Ulardan 19 nafari shifokor, 79 nafari o‘rta tibbiyot xodimi, 11 nafari kichik tibbiy xodim, 28 nafari haydovchi va boshqa mutaxassislardir.
E’tiborlisi, mazkur ob’ekt “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida 1 milliard 200 million so‘m mablag‘ hisobiga barpo etildi. Bir necha yil davomida foydalanilmay kelgan laboratoriya binosi qayta ta’mirlanib, aholi salomatligi yo‘lida xizmat qiladigan zamonaviy maskanga aylantirildi.
2026-yilning 1-iyun holatiga ko‘ra stansiya xodimlari tomonidan 8 ming 762 ta chaqiruvga tezkor va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatilgani bu yerdagi mehnat va mas’uliyat ko‘lamini yaqqol namoyon etadi.
Zafarobod tuman tez tibbiy yordam bo‘limi mudiri Doston Akaboyevning ta’kidlashicha, yangi binoda yaratilgan sharoitlar xizmat samaradorligini sezilarli darajada oshiradi.
— Bu shunchaki yangi bino emas, balki inson hayoti uchun kurashda qo‘lga kiritilgan yangi imkoniyatdir. Endi brigadalar chaqiruvlarga yanada tezroq chiqadi, xodimlar uchun yaratilgan sharoit esa xizmat sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Eng muhimi, har bir daqiqaning qadrini yanada oshiradi, — deydi Doston Akaboyev.
Zomin tumanidagi Suffa tez tibbiy yordam shahobchasi ham o‘z ahamiyati bilan ajralib turadi. U mamlakatimizda turizm jadal rivojlanayotgan hududlardan biri sanalgan “Zomin” turistik-rekreatsion zonasining muhim ijtimoiy infratuzilma ob’ektiga aylandi.
Mazkur loyiha Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-apreldagi “Zomin” turistik-rekreatsion zonasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirildi. Qarorda turistlar xavfsizligini ta’minlash, favqulodda holatlarda tezkor yordam ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish vazifalari belgilab berilgan bo‘lib, Suffada barpo etilgan yangi shahobcha ana shu vazifalarning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Qiymati 4,5 milliard so‘m bo‘lgan bino “Zomin” turistik-rekreatsion zonasi direksiyasi ma’muriy majmuasi tarkibida qurildi. Ayni paytda bu yerda maxsus jihozlangan “Volkswagen Caddy” avtomobili bilan ta’minlangan 1 ta feldsherlik brigadasi xizmat ko‘rsatmoqda. Brigada kuniga o‘rtacha 15–20 ta chaqiruvga chiqib, mahalliy aholi va mehmonlarga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatyapti.
Respublika tez tibbiy yordam markazi Jizzax viloyati filiali direktori vazifasini bajaruvchi Jamshid Imomovning fikricha, mazkur ob’ekt hududning tibbiy xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
— Suffa va Zominga keluvchilar soni yil sayin ortib bormoqda. Turizm rivojlangan sari tezkor tibbiy xizmatga bo‘lgan ehtiyoj ham ortadi. Yangi shahobcha mahalliy aholi bilan bir qatorda minglab sayyohlarga ham o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatish imkonini beradi. Bu hududda xavfsiz turizm muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi, — deydi Jamshid Imomov.
Zafarobod va Suffada foydalanishga topshirilgan yangi binolar shunchaki navbatdagi ob’ekt emas. Ular inson hayotini asrash, og‘ir pallada yordamni yanada yaqinlashtirish va tibbiy xizmat sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladigan muhim maskanlardir.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari