O‘zbekiston temir yo‘llaridagi yangiliklar kimning foydasi uchun bo‘lyapti?
Prezident tashabbuslari – amalda
Zamon juda tezlashib ketdi. Har birimiz uchun vaqt, xavfsizlik va xotirjamlik juda muhim bo‘lib qoldi. Yo‘lga chiqqan odam manziliga sog‘-salomat, tez yetib borishni istaydi. Yurtimizdagi transport tizimi ham aynan shu maqsadda o‘zgaryapti.
Og‘irimizni yengil, uzog‘imizni yaqin qilish eng katta maqsad sanaladi. Bugun temir yo‘llarda bo‘layotgan o‘zgarishlar ko‘lami juda katta. Buning zamirida inson qadri yotibdi. Maqsad viloyatlarni bir-biriga yaqin qilish, odamlar orasida mehr rishtalarini mustahkamlashdir.
Shu o‘rinda dunyo tajribasiga qisqagina to‘xtalamiz. Temir yo‘li rivojlanmagan yurtda iqtisod ham, hayot ham orqada qoladi. Keling, avval boshqalar nima qilganini ko‘raylik.

Masalan, Xitoy oxirgi yillarda juda katta tezyurar yo‘llar qurdi. Ular faqat boy shaharlarni emas, balki eng chekka va rivojlanmagan qishloqlarni ham bir-biriga bog‘ladi.
Germaniyada esa poyezddan tushgan yo‘lovchi sarson bo‘lmaydi. Poyezdlar, avtobuslar va metro jadvali bir-biriga moslangan. Odamlar bir transportdan ikkinchisiga bir necha daqiqada o‘tib ketadi. Ortiqcha vaqt ham, asab ham ketmaydi.
Yaponiyaning tezyurar poyezdlari esa xavfsizlikda dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Bu poyezdlar tufayli chekka joylarda turizm gullab-yashnadi. Odamlar dam olish kuni qishloqlarga borib dam oladi. Mahalliy mehmonxonalar va hunarmandlar yaxshigina daromad topadi.

Bizda ham xuddi shunday tizim yaratilyapti. Nukus va Xivagacha boradigan tezyurar yo‘llarimiz Xitoy tajribasiga o‘xshaydi. Yangi bekatlar va transportlarning bir-biriga ulanishi esa Germaniya tizimini eslatadi. Bu yo‘lovchi sarson bo‘lmasligi, tirbandliklar kamayishi uchun qilinmoqda. Samarqand, Buxoro va Farg‘ona vodiysiga qatnaydigan yangi poyezdlarimiz esa Yaponiyanikidek ichki turizmni jonlantiradi. Odamlarimiz o‘z yurtini ko‘proq aylanadigan bo‘ladi.
Albatta, bu natijalar o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Buning ortida katta mehnat yotibdi. Prezidentimizning o‘tgan yilning 27-dekabrida qabul qilingan “2030-yilga qadar temir yo‘l transportida mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashish ko‘rsatkichlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori bunga asos bo‘ldi. Qaror mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashishni yaxshilashga qaratilgan.
Maqsad 2030-yilgacha yo‘lovchilar sonini 10-11 milliondan 23 milliondan ortiqqa yetkazishdir. Elektropoyezd yo‘nalishlari ham 40 tadan 53 taga ko‘payadi. Yangidan yana 30 ta bekat quriladi va chiroyli qilib jihozlanadi. Buning uchun kerakli mablag‘lar ham yo‘naltirilgan.
Hozirning o‘zida ko‘plab yangiliklar bor. Masalan, Toshkent va Xiva o‘rtasida yangi “Jaloliddin Manguberdi” poyezdi yo‘lga qo‘yildi. Odamlarimiz bundan juda xursand.
– Bu poyezdda 7 ta vagon bo‘lib, u 389 yo‘lovchiga mo‘ljallangan, – deydi “O‘zbekiston temir yo‘llari“ AJ bosh muhandisi Sharofiddin Qodirov. – U juda chidamli qilib ishlangan. 50 darajali jazirama issiqda ham, 40 darajali sovuqda ham bemalol yura oladi. Eng muhimi, poytaxtdan Xivagacha bo‘lgan 1022 kilometrlik yo‘l ilgarigidek 14 soat emas, balki atigi 7,5 soat vaqt oladi. Poyezd yo‘l-yo‘lakay Samarqand, Buxoro va Urganchga ham to‘xtaydi.
Yaqin yillarda yana ko‘plab yangi vagonlar va zamonaviy poyezdlar sotib olinadi.
Yangiliklardan yana biri Farg‘ona vodiysida bo‘ldi. Qo‘qon, Namangan, Andijon va Marg‘ilon shaharlarini bog‘laydigan yangi poyezd qatnovi boshlandi. Hatto Prezidentimiz ham 27-aprel kuni oddiy odamlar bilan birga shu poyezdda Qo‘qondan Marg‘ilongacha yurdilar.
Vodiyda aholi juda zich yashaydi. Bu yangilik ularga katta yengillik berdi. Muhimi, 324 kilometrlik bu temir yo‘l halqasi vodiy ahli va mehmonlari uchun yangi imkoniyat eshigini ochdi.
E’tiborlisi, ushbu olti vagonli, 586 o‘rinli poyezd o‘zimizning zavodda ishlab chiqarilgan. U soatiga 120 kilometrgacha tezlikda yura oladi. Yiliga qariyb 600 ming yo‘lovchini tashishga qurbi yetadi.
– Chipta narxi 15 ming so‘mligi bizga juda ma’qul keldi, – deydi yo‘lovchi Gulasal Nuriddinova xursand bo‘lib. – Ichi juda salqin, qishda esa issiq bo‘larkan. Bepul Wi-Fi va telefon quvvatlagichlar bor. Hatto velosipedlar uchun ham alohida joy qilishibdi. Yangi yo‘l vodiyda turizmni rivojlantirishiga ishonamiz. Stansiyalar atrofida yangi mehmonxonalar, oshxonalar ochiladi. Bu qanchadan-qancha odamga ish o‘rni deganidir.
Yangi poyezdlar avtomobil yo‘llarini tirbandlikdan qutqaradi. Issiq kunlarda yo‘llarda asabiylashib o‘tirish kamayadi. Eng muhimi, havomiz toza bo‘ladi. Zararli gazlar kamayib, sog‘lig‘imiz asraladi.
Yana bir xushxabar. Yaqinda Toshkent va Sirdaryo viloyatlarini bog‘lovchi yangi temir yo‘l qurilishi boshlandi. Bu yo‘lning uzunligi 110 kilometr. U Nurafshon, Piskent, Bo‘ka, Bekobod, Boyovut va Yangiyer shaharlaridan o‘tadi.
Bu yerda 4 ta yangi bekat, 21 ta yo‘l o‘tkazgich va 6 ta ko‘prik quriladi. Ushbu loyiha ikki qo‘shni viloyat aholisini bir-biriga yanada yaqin qiladi.
Xo‘sh, temir yo‘llarimizdagi bu katta yangilanishlar, milliardlab mablag‘lar va tinimsiz mehnat aslida kimning foydasi uchun?
Javob juda oddiy. Bularning bari yo‘lga chiqqan oddiy odamlar uchun. Poyezd vagonlarida issiqqina va xavfsiz ketayotgan onaxon, chipta puli tejalganidan suyungan talaba, mahsulotini bozorga tezroq yetkazgan dehqonu tadbirkor uchun.
Zero, yo‘limiz yaqinlashgani ko‘nglimiz yaqinlashganidir. Og‘irimiz yengil, manzilimiz xavfsiz bo‘lsa, uyimizga ham, yurtimizga ham baraka kiradi. Temir yo‘llardagi bu katta islohotlarning eng katta foydasini ham, rohatini ham aynan o‘zimiz ko‘ramiz. Eng muhimi ham aslida shu.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri