O‘zbekiston taraqqiyoti formulasi nimada yoxud katta arava qaysi yo‘ldan yursa, kichik arava ham shu yo‘ldan yuradi
Sarlavhaning birinchi qismini o‘qib, ko‘pchilik bu arifmetik teorema yoki balandparvoz shior yoki katta-katta raqamlardan iborat tahlil, deb o‘ylashi mumkin. Lekin unday emas. Bu – O‘zbekiston taraqqiyoti, yurt barakasining asosiy sabablaridan biri bo‘lgan o‘zbekchilik, insoniylik xarakteriga ega O‘zbekiston Prezidentining siyosati formulasi.
Uzoqqa bormaylik, kichik bir oilaga qayerdan baraka keladi? Qachonki ro‘zg‘orda tinchlik bo‘lsa, qachonki yoshi ulug‘lar e’zozlansa. Bu oddiygina oilaning barakasi. Endi shuni mamlakat miqyosida anglash uchun bugun Shavkat Mirziyoyevning shaxsiyati va siyosatiga nazar solishning o‘zi kifoya. Shunda yurt barakasi, taraqqiyoti formulasini teran anglaydi kishi. Buning uchun iqtisodiyot fanlari doktori bo‘lish shart emas.
Bugun O‘zbekistonga baraka qayerdan kelyapti?! Taraqqiyot formulasi qayerda!? Chetdan qaragan inson, to‘g‘ri, bu iqtisodiy o‘sishlarni davlat rahbarining tashqi siyosatdagi do‘stona murosalari, mamlakat ichidagi jonbozliklari mahsuli deyishi mumkin, lekin buni ham inkor qilmagan holda shu yurtning bir o‘zbek farzandi, o‘zbek oilaning vakili sifatida yana bir e’tibor qaratish kerak bo‘lgan jihat borki, bu baraka, bu taraqqiyot – duoda!
Prezidentimiz bu borada yetimlar, nogironligi bo‘lgan bolalar, boquvchisini yo‘qotgan o‘g‘il-qizlar – umuman, ijtimoiy ko‘makka muhtoj barcha insonlarning boshini silash siyosati orqali yurt uchun eng katta duoni olayotgan bo‘lsa, men to‘xtalmoqchi bo‘lgan yana bir jihat borki, davlat rahbari – yoshi ulug‘ insonlarni ham doim e’zozlab, qo‘llab-quvvatlaydi.
Mana, uzoqqa bormaylik. O‘zbekiston Prezidenti 8-may kuni Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini ziyorat qilib, bayram bilan tabrikladi. Eng quvonarli tomoni, bu oxirgi yillarda an’anaga aylandi. Bu, nazarimda, Prezidentning vaqti ko‘pligi yoki bayram oldi iltifotida emas, menimcha, shunday katta masalalar bo‘lsa-da, bunga shaxsan vaqt ajratishida. Ajratganda ham, nafaqat Prezident sifatida, balki yurtning bir fidoyi farzandi sifatida ko‘rsatgan namunasi aslida.
Oyinayi jahon orqali ko‘pchilik ko‘rgan bo‘lsa kerak: Prezident urush qatnashchilari bilan ota-o‘gildek, joyi kelganda, ulardan ham samimiy muloqotda bo‘ldi (tan olish kerak, ko‘pchilik ota-onasi bilan bunday dildan suhbatlasha olmaydi). O‘tgan yilgi voqeani ham ko‘pchilik eslasa kerak: uy-joyga ehtiyoji bor sirdaryolik otaxonga Prezident yangi uy sovg‘a qilgan edi. Bu yil ham mamlakat rahbariga qalbidagini emin-erkin ayta olgan Toshkent viloyatidan bo‘lgan urush qatnashchisiga avtomobil sovg‘a qildi.
Aslida, Prezidentning bunday xatti-harakatlari ko‘pchilik uchun oddiy bo‘lib tuyulishi mumkin, lekin bu katta namuna timsoli. Boshqa amaldorlarni, xalqni keksalarni e’zozlash, qadrlashga chorlov bo‘lishi bilan ham yanada hamiyatli.
Endi so‘zim avvalida aytgan O‘zbekistonning taraqqiyoti, yurtimiz barakasi formulasiga yana to‘xtaladigan bo‘lsam, Prezidentning urush qatnashchilari, nuroniylar bilan bo‘lgan suhbatida “Sizlarning duolaringiz yurtimiz uchun omonlik, ishlarimizga barakadir”, deya aytgan shu gapi fikrimni yana ham yaqqol tasdiqlaydi.
So‘zim xulosasini shunday yakunlashni lozim topdim. O‘zbeklarda “Duo bilan el ko‘karar”, degan maqol bor. Bugungi ko‘karish, baraka formulasi mana shunday e’zoz va duoda bo‘lsa, ajabmas. Yana bir jihat borki, o‘zbekchilikdagi keksalarni qadrlash, ziyorat qilish kabi bu oliy qadriyatni bugungi va kelajak avlodga bekam-u ko‘st yetkazishda ham shaxsan Prezidentning o‘zi namuna bo‘layotgani bir o‘zbek farzandi sifatida meni juda xursand qiladi.
Xalqimizda shunday naql bor: “Katta arava qaysi yo‘ldan yursa, kichik arava ham shu yo‘ldan yuradi…”