O‘zbekiston sayyohlik salohiyati Malayziyada namoyish etildi
Malayziyaning Kuala- Lumpur shahrida o‘tkazilgan MATTA Fair — Malayziyaning eng yirik sayyohlik ko‘rgazmasida Turizm qo‘mitasi va mamlakatimizning diplomatik vakolatxonasi ko‘magida O‘zbekistonning milliy stendi namoyish etildi.
Ushbu tadbirda ishtirok etish xalqaro hamkorlikni kengaytirish, milliy sayyohlik mahsulotlarini targ‘ib qilish hamda mintaqaning turizm sohasi vakillari bilan bevosita aloqalar o‘rnatish uchun muhim qadam bo‘ldi.
Ko‘rgazma davomida mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan to‘roperatorlar va turizm sohasi vakillari Malayziyaning yirik turistik kompaniyalari hamda assotsiatsiyalari bilan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, O‘zbekistonga sayyohlar oqimini oshirish, mamlakatimizning turizm va investitsiya salohiyatini targ‘ib qilish, shuningdek, “Umra plyus” dasturini amalga oshirish kabi masalalar yuzasidan bir qator B2B uchrashuvlar o‘tkazdi.
Bundan tashqari, ko‘rgazma mehmonlari uchun O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatiga oid taqdimot tashkil etildi. Yaqinda ochilgan Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Imom Buxoriy majmuasi haqidagi videomateriallar keng targ‘ib qilinib, ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Tashrif buyuruvchilar mamlakatimizning boy madaniy merosi, tarixi, milliy taomlari va mehmondo‘stlik an’analari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi. O‘zbek mehmondo‘stligining ramzi sifatida milliy taom — osh tortilib, minglab mehmonlarga O‘zbekiston stendi va milliy mahsulotlar bilan tanishish imkoni yaratildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA