Objazsoy qishlog‘ida bo‘lganmisiz? (+video)
Prezident topshirig‘i amalda
Oxirgi yillar Toshkent viloyatida ichki turizm imkoniyatlarini yanada kengaytirish orqali xorijiy va mahalliy sayyohlar sonini oshirish, bu sohadagi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, yangi loyihalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha muhim amaliy ishlar qilinmoqda.

Xususan, Prezidentimiz joriy yil 8-aprel kuni Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilishda ham mazkur sa’y-harakatlarning ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tgan edi.

Qayd etilganidek, Ohangaron tumanida “Moviy tog‘lar” dam olish oromgohi negizida zamonaviy turizm majmuasi tashkil etiladi. Angren shahrining Lashkarak va Yangiobod hududlarida “turizm qishloqlari”, Bekobod tumanida ekologik va ov turizmi, Parkent tumanida “Kumushkon” turizm majmuasi hamda Parkentsoyda oilaviy dam olish maskanlari va mehmon uylarini tashkil etish rejalashtirilgan. Joylashtirish vositalari quvvatini 35,5 ming o‘ringa yetkazish ko‘zda tutilgan. Mazkur ishlar hisobidan viloyatda turizm eksportini 600 million dollarga, xorijiy va mahalliy sayyohlar sonini 16,5 millionga yetkazish vazifasi qo‘yilgan edi.

Ma’lumki, bu manzillar orasida birgina Ohangaron tumani o‘zining har fasldagi go‘zal tabiat manzaralari, so‘lim manzillari bilan sayyohlarni jalb qilib, turistik salohiyati yanada yuksalib bormoqda. Ayniqsa, olis, tog‘li hududlaridan sanalgan birgina Objazsoy qishlog‘i atrofini o‘rab olgan Qurama tog‘ tizmalari bir qarashda Shveysariya yoki Gruziyaga o‘xshab ketadi. Biroq qalin tog‘lar bag‘ridagi archazorlar, zilol jilg‘alarini o‘zida aks ettirgan betakror tabiiy muhitining jozibadorligi har bir sayyohni o‘ziga tortadi.

– Hozir mazkur hududda 518 ta xonadon mavjud. 2021-yilda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Objazsoyga turizm qishlog‘i maqomi berildi, – deydi mahalla raisi Muxriddin Bo‘taboyev. – Shundan so‘ng bu yerda keng ko‘lamli ijobiy o‘zgarishlar boshlandi. Xususan, 50 dan ortiq mehmon uylari tashkil etildi. Ushbu loyihalar natijasida mahallaning 100 nafardan ortiq fuqarosi doimiy ish bilan ta’minlandi. Endilikda aholi xizmat ko‘rsatish, hunarmandchilik va boshqa daromadli faoliyatlar bilan shug‘ullanib kelmoqda. Shu bilan birga, ovjazsoyliklar chorvachilik, bog‘dorchilik va asalarichilikni ham yaxshi yo‘lga qo‘ygan.

Odatda bu manzilga kelayotgan sayyohlar o‘zlariga ma’qul bo‘lgan mehmon uylariga joylashadi. Uy egalari mehmonlarning qishloqda bo‘lish vaqtini uzaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratmoqda. Bahor va yoz oylarida bu yerlarning tabiati yam-yashil tusga kiradi. Havosi, suvi toza. Dam olish va madaniy hordiq chiqarish uchun hamma sharoitlar mavjud. Mahalliy va xorijiy turistlar aholi xonadonlarida milliy urf-odatlar bilan yaqindan tanishadi, tog‘da sayr qilib, soy boylarida dam oladi. Mahalliy taomlardan tanovul qiladi. Xususan, echki sutidan qilingan sariyog‘ va qurtning mazasini bilganlar bu joylarga yana oshiqadi.

– Mehmon uylarimizga asosan shanba va yakshanba kunlari sayyohlar ko‘p kelyapti, – deydi mehmon uyi rahbari O‘rozali Sherov. – Ko‘plab mehmonlar o‘zlari taom tayyorlashni xohlashadi, shu sababli ularga oshxona va kerakli jihozlar doim tayyor. Bizning mehmon uyimiz 2021-yilda tashkil etilgan edi. Xizmat narxlarimiz ham unchalik qimmat emas. Maqsadimiz mehmonlar miriqib hordiq chiqarsin va yana bu joylarga kelishni niyat qilsin.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Uoj1h9wfvyM" title="Objazsoy qishlog‘ida bo‘lganmisiz?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Musayev, O‘zA