O‘zbekiston raqs san’atiga oid kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Buyuk Britaniya poytaxtida o‘zbek milliy raqs san’ati tarixiga oid ingliz tilidagi birinchi nashr taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston elchixonasi va Britaniya-O‘zbekiston jamiyati hamkorligida tashkil etildi.
Lorel Viktoriya Grey muallifligi ostida chop etilgan “O‘zbekiston milliy raqs an’analari” kitobi Britaniyaning Bloomsburu Academic Press nashriyotida chop etildi. Kitob o‘zbek raqs tarixi va rivojlanish bosqichlarini qamrab oladi, o‘quvchilarni Farg‘ona, Xiva, Buxoro raqs uslublari bilan tanishtiradi. Ayni damda kitobda O‘zbekiston raqs san’atining o‘ziga xosligi va Buyuk ipak yo‘li bo‘yida joylashgan mamlakatlarga ko‘rsatgan ta’siriga alohida e’tibor qaratilgan.
Taqdimotda ilmiy hamjamiyat, diplomatik korpus vakillari, san’atshunoslar hamda Buyuk Britaniyada istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz ishtirok etdi. O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Ravshan Usmonov o‘z chiqishida respublikamizda madaniyat va san’atni rivojlantirish, Buyuk Britaniya bilan hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan islohotlarning ahamiyatini qayd etdi.
Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonda fan va ta’lim, san’at sohasida olib borilayotgan ishlarni yuqori baholadi.
“O‘zbekiston milliy raqs an’analari” kitobi o‘zbek madaniyatini o‘rganish va idrok etish uchun yangi imkoniyatlarni taqdim etgan holda uni xalqaro maydonda tanitishga katta hissa qo‘shadi.
Aziza Alimova tayyorladi, O‘zA