Mahalla tizimi: natijalar, muammolar va ustuvor vazifalar muhokama etildi
Mahalla tizimini yanada mustahkamlash, uning samaradorligini oshirishga qaratilgan ishlar Respublika mahallani qo‘llab-quvvatlash Kengashining navbatdagi yig‘ilishida muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda mahalla institutini isloh qilish, uning institutsional salohiyatini oshirish va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda mamlakatdagi 8 ming 992 ta mahallada 55 mingdan ortiq “mahalla yettiligi” a’zosi faoliyat yuritmoqda.
Yig‘ilishda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yili Davlat dasturining 2026-yil birinchi choragidagi ijrosi ko‘rib chiqildi. Unda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi, Respublika mahallani qo‘llab-quvvatlash Kengashi raisining o‘rinbosari Qahramon Quronboyev mahalla institutining jamiyat hayotidagi o‘rni tobora ortib borayotganini ta’kidladi.
[gallery-28569]
Tadbirda vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar hamda tegishli tashkilotlar rahbarlari ishtirok etib, amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi. Hududlardan mas’ullar masofaviy tarzda qatnashdi.
Muhokamalar davomida aholi bandligini ta’minlash, ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirish, mahallalarda xavfsiz muhit yaratish, oilaviy ajrimlarning oldini olish masalalari tanqidiy-tahliliy ruhda ko‘rib chiqildi. Shuningdek, yer va mol-mulk soliqlarini undirish, kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilishda yoshlar masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan takliflar bildirildi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning birinchi choragida 460 mingdan ortiq ishsiz fuqaroning 42 foizi ish bilan ta’minlandi, 728 ta mahalla ishsizlikdan holi hududga aylantirildi. Shuningdek, 23,5 mingdan ziyod kambag‘al oila ro‘yxatdan chiqarilib, 312 ta mahalla kambag‘allikdan holi hudud sifatida shakllantirildi.
“Raqamli mahalla” platformasi orqali aholi bandligi doimiy monitoring qilib borildi. Tomorqalardan samarali foydalanish natijasida yuz minglab gektar yer maydonlarida ekin ekilishi ta’minlandi.
Huquqbuzarliklarning oldini olish borasida ham natijalarga erishilib, 7 ming 800 ta mahalla jinoyatchilikdan, 4 ming 595 ta mahalla oilaviy ajrimlardan holi hududga aylantirildi.
Yig‘ilish yakunida mavjud muammolarni bartaraf etish va belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
Kamola Yusupova,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA