O‘zbekiston Prezidenti Qozog‘iston bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini qayd etdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31-mart kuni mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Qozog‘iston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Yermek Kosherbayevni qabul qildi.
Suhbat avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi yaqin do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Parlamentlar, hukumatlar, hududlar va ishbilarmon doiralar darajasida amalga oshirilayotgan faol hamkorlik munosabatlari katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Ta’kidlanganidek, qo‘shma Hukumatlararo komissiya samarali faoliyat yuritmoqda. Tovar ayirboshlash hajmi barqaror o‘sib bormoqda, sanoat, energetika, transport, ekologiya va suvdan foydalanish sohalarida kooperatsiya aloqalari izchil kengaymoqda.
Uchrashuv chog‘ida iqtisodiy loyihalarni jadallashtirish, nodir metallar sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, sayyohlik oqimini yanada ko‘paytirish, gumanitar almashinuv dasturlarini, shu jumladan, kosmos va kreativ iqtisodiyot sohalarida tobora kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar kun tartibini puxta tayyorlash muhimligi ta’kidlandi. Xalqaro va mintaqaviy siyosat masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.