O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun yangi imkoniyat: investitsiya, islohot va xalqaro ishonch
So‘nggi yillarda O‘zbekiston jadal iqtisodiy transformatsiya jarayonini boshdan kechirmoqda. Iqtisodiyotni liberallashtirish, xususiy sektor ulushini oshirish, davlat ishtirokini qisqartirish hamda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni kuchaytirish yo‘lida qabul qilinayotgan qarorlar mamlakatimiz investitsiyaviy jozibadorligini sezilarli darajada oshirdi. Bugungi kunda xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonni faqat istiqbolli bozor emas, balki uzoq muddatli sherik sifatida baholamoqda.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi 2026-yil iyun oyida e’lon qilgan IV-modda doirasidagi hisobot ham shu ishonchni tasdiqlaydi. Hujjatda mamlakatimiz iqtisodiyoti barqaror yuqori o‘sish sur’atini saqlab qolayotgani, inflyatsiyaning bosqichma-bosqich pasayishi, byudjet va tashqi muvozanat yaxshilanayotgani, xalqaro zaxira yetarli darajadaligi qayd etilgan. Shu bilan birga xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, davlat korxonalarini qayta shakllantirish va bozor islohotini tezlashtirish iqtisodiy o‘sishning asosiy omili bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
O‘zbekistonning xalqaro moliyaviy maydondagi nufuzini faqat hisobotlar belgilamaydi. Respublikamizda o‘tkazilgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi bugun mintaqadagi eng yirik platformalardan biriga aylandi. Joriy yil anjumanda 102 davlatdan 10 000 ga yaqin vakil, 370 dan ziyod xalqaro moliya instituti va jamg‘armasi qatnashdi. Yakunda jami 43,1 milliard dollarlik kelishuvlar imzolangani yurtimizga qiziqish ortib borayotganidan dalolat.
Prezident Shavkat Mirziyoyev forumda so‘zlagan nutqida islohotlar orqaga qaytmasligini yana bir bor ta’kidladi. Eng muhim yangiliklardan biri sifatida Toshkent xalqaro moliya markazi tashkil etilishi rejasi ma’lum qilindi. Ushbu majmua ingliz huquqi tamoyili asosida faoliyat yuritishi, kapitalning erkin harakati ta’minlanishi, raqamli va "yashil" moliya, innovatsion sarmoya uchun yangi huquqiy muhit yaratilishi ko‘zda tutilgan. Xalqaro ekspertlar fikricha, mazkur tashabbus O‘zbekistonni mintaqaviy moliyaviy markazga aylantiradi.
Islohotlar amaliy natijasi xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda ham yaqqol ko‘rinmoqda. Jahon banki, XVJ, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki kabi hamkorlar bilan davlat boshqaruvini takomillashtirish, soliq siyosati, davlat korxonalarini xususiylashtirish, bank tizimini isloh qilish va raqobat muhitini kuchaytirishga qaratilgan dasturlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Ayni jarayon investitsiya muhitini xalqaro standartga yaqinlashtiradi.
Eng muhimi, xalqaro tashkilotlar bugun diyorimizga shunchaki kredit yoki grant ajratayotgani yo‘q, balki mamlakatda amalga oshirilayotgan institutsional islohot samaradorligini e’tirof etib, xususiy sarmoya oqimini tezlashtirishga ham hissa qo‘shmoqda. Bu esa yangi ish o‘rinlari yaratilishi, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish va eksport salohiyati ortishi, iqtisodiyot yanada raqobatbardosh tus olishi uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Sarmoya jalb qilish har qanday davlat uchun muhim. Haqiqiy qiymat mablag‘ miqdorida emas, balki iqtisodiyot o‘zgarishida namoyon. Shu nuqtai nazardan o‘lkamizda amalga oshirilayotgan loyihalar aynan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega ishlab chiqarish, raqamli texnologiya, qayta tiklanuvchi energetika, transport-logistika va sanoat infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilayotgani e’tiborli. Boshqacha aytganda, mamlakatimiz iqtisodiyoti xom ashyoga qaramlikdan zamonaviy sanoat iqtisodiyotiga muvaffaqiyatli o‘tyapti.
TXIF-2026 davomida erishilgan kelishuvlarning aksari energetika, kimyo sanoati, tog‘-kon, qishloq xo‘jaligi, raqamli infratuzilma, transport va shaharsozlik sohalariga to‘g‘ri keldi. Shuningdek, xorijiy investorlar ishtirokida "yashil" energetika, quyosh va shamol elektr stansiyalari, quvvat tejovchi texnologiya hamda zamonaviy ishlab chiqarish quvvatini yaratish bo‘yicha yirik loyihalarga start berildi. Bunday tashabbuslar mamlakatimiz energetika xavfsizligini mustahkamlashi, eksport salohiyatini oshirishi kutilyapti.
Davlat rahbari tomonidan xususiy sektor ulushini oshirish va davlat ishtirokini kamaytirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ham investorlar uchun muhim signaldir. Xususan, davlat korxonalarini xususiylashtirish, kapital bozorini rivojlantirish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmini kengaytirish hamda biznes uchun teng raqobat muhitini shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar xalqaro moliya institutlari tomonidan ijobiy baholanmoqda. Mazkur islohotlar iqtisodiyotda davlat emas, xususiy tashabbus asosiy harakatlantiruvchi kuchga aylanishini anglatadi.
Xalqaro reyting agentliklari va moliya institutlari bahosi ham jarayon samarasini tasdiqlamoqda. XVJ O‘zbekistonda davlat qarzi nazorat ostidaligi, inflyatsiyani pasaytirish bo‘yicha olib borilayotgan siyosat natija berayotganini ta’kidladi. JB esa mamlakatda xususiy sarmoyani qo‘llab-quvvatlash, biznes muhitini yaxshilash va raqobatni kuchaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar uzoq muddatli iqtisodiy o‘sish uchun muhim poydevor ekanini qayd etgan.
Shu bilan birga iqtisodchilar bir jihatga alohida e’tibor qaratmoqda: kelishuv imzolanishi bu hali natija degani emas. Eng muhim vazifa – sarmoya muvaffaqiyatli o‘zlashtirilishi, loyiha ishga tushishi va jarayon aholi hayotiga aniq ijobiy ta’sir ko‘rsatishidir. Yangi zavod va logistika markazlari barpo etilishi, raqamli xizmat yo‘lga qo‘yilishi, energetika majmualari ishga tushirilishi orqali minglab yangi ish o‘rinlari yaratish, mahalliy korxonalar uchun yangi bozorlar ochish hamda zamonaviy texnologiya olib kirish lozim.
Darhaqiqat, bugun O‘zbekiston xalqaro sarmoyadorlar uchun ishonchli hamkor sifatida shakllanmoqda. Bu ishonch tasodif emas – iqtisodiy barqarorlik, ochiqlik siyosati, qonunchilik takomillashishi va izchil islohot natijasidir. Oldinda eng muhim bosqich: jalb etilgan sarmoyani aniq natijaga – yuqori daromadli ish o‘rni, raqobatbardosh mahsulot va aholi farovonligi yuksalishiga aylantirish. Shundagina raqamlar oddiy statistika emas, balki mamlakat taraqqiyotining asl ko‘rsatkichiga aylanadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA