2027-yilda O‘zbekistonda o‘rtacha pensiya 1,8 million so‘mga yetishi prognoz qilinmoqda
2027–2029-yillarga mo‘ljallangan Fiskal strategiyaga ko‘ra, kelgusi yillarda O‘zbekiston pensiya tizimida ham pensiya miqdori, ham pensiya oluvchilar sonining o‘sishi kutilmoqda. Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan hujjatda 2027-yilda mamlakat bo‘yicha o‘rtacha oylik pensiya miqdori 1,8 million so‘m atrofida bo‘lishi prognoz qilingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilda o‘rtacha pensiya 1,7 million so‘m darajasida bo‘lishi kutilgan bo‘lsa, 2027-yilda bu ko‘rsatkich taxminan 100 ming so‘mga oshadi. Yaxlitlangan raqamlardan kelib chiqilganda o‘sish sur’ati qariyb 5,9 foizni tashkil etadi. Biroq strategiya hujjatida pensiyalarning aniq o‘sish foizi keltirilmagan.
Pensiya oluvchilar soni ham oshib bormoqda. Fiskal strategiyaga muvofiq, 2027-yilda pensiya oluvchilar soni 4 million 592 ming nafarga yetishi mumkin. Bu 2026-yilga nisbatan qariyb 165 ming nafarga ko‘p deganidir.
O‘rta muddatli prognozlar esa bu ko‘rsatkichning keyingi yillarda ham izchil o‘sishini ko‘rsatmoqda. Jumladan, 2028-yilda 4,76 million nafar,
2029-yilda esa 4,94 million nafarni tashkil etadi.
Shu bilan birga, o‘rtacha pensiya miqdori ham bosqichma-bosqich o‘sishi prognoz qilingan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2028-yilda o‘rtacha pensiya 1,9 million so‘m, 2029-yilda esa 2,1 million so‘m atrofida bo‘ladi.
Pensiya oluvchilar sonining ko‘payishi Pensiya jamg‘armasi xarajatlarining ham o‘sishiga olib keladi. Strategiyaga ko‘ra, 2027-yilda jamg‘arma xarajatlari — 95,7 trillion so‘m, bu 2026-yilga nisbatan 11,1 foizga ko‘p, 2029-yilga kelib esa mazkur xarajatlar 119,4 trillion so‘mgacha yetishi mumkin. Jamg‘arma daromadlari ham o‘sishi prognoz qilingan. Xususan, 2027-yilda ular 73,8 trillion so‘mni tashkil etishi, ya’ni qariyb 14 foizga oshishi kutilmoqda. Daromadlarning asosiy qismi — 71,4 trillion so‘m — ijtimoiy soliq hisobidan shakllanishi rejalashtirilgan.
Shunga qaramasdan, jamg‘arma mablag‘lari pensiya to‘lovlarini to‘liq qoplash uchun yetarli bo‘lmaydi. Shu bois pensiyalarni o‘z vaqtida moliyalashtirish maqsadida respublika byudjetidan 23 trillion so‘m transfert ajratilishi rejalashtirilgan. Bu mablag‘ 2026-yil uchun ham xuddi shunday miqdorda belgilangan.
Fiskal strategiyada qayd etilishicha, amaliy islohotlar amalga oshirilmasa, pensiya tizimining davlat byudjetiga qaramligi yuqoriligicha saqlanib qoladi. Bu holatning asosiy sabablari sifatida ekspertlar norasmiy bandlikning yuqori darajasi, ayrim yuridik shaxslar uchun ijtimoiy soliq bo‘yicha berilgan imtiyozlar, ijtimoiy soliq to‘lovchilar bazasining cheklanganini ko‘rsatmoqda. Shu munosabat bilan hukumat bir qator takliflarni ilgari surmoqda. Jumladan, hozirda ijtimoiy soliq to‘lamaydigan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni bosqichma-bosqich ushbu tizimga jalb qilish, rasmiy daromadga ega fuqarolarga ishlamaydigan oila a’zolari uchun ixtiyoriy ijtimoiy soliq to‘lash orqali mehnat stajini shakllantirish imkonini berish, ijtimoiy soliq bo‘yicha yangi imtiyozlarni cheklash va mavjud imtiyozlarni bosqichma-bosqich qayta ko‘rib chiqish lozim.
Amaldagi holat 2026-yil 1-iyun holatiga ko‘ra, mamlakatda 4,35 milliondan ortiq pensiya oluvchi ro‘yxatga olingan. Ularning 3,6 millionga yaqini — yoshga doir pensiya, 484,5 ming nafar — nogironlik pensiyasi, 260,6 ming nafar — boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilardir.
Shu davrda mamlakat bo‘yicha o‘rtacha pensiya 1,58 million so‘mni tashkil etgan. 2026-yil 1-iyuldan pensiyalar o‘rtacha 7 foizga oshirilgan. Hududlar kesimida eng yuqori o‘rtacha pensiya Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelib, 2,16 million so‘mni tashkil etgan.
Fiskal strategiyada belgilangan prognozlar pensiya tizimida ijobiy o‘sish saqlanishini ko‘rsatmoqda. Biroq pensiyalar miqdorining ortishi bilan bir qatorda davlat byudjeti zimmasidagi moliyaviy yuk ham oshib bormoqda. Shu bois pensiya tizimining uzoq muddatli barqarorligini ta’minlash, norasmiy bandlikni qisqartirish va ijtimoiy soliq bazasini kengaytirish kelgusi yillardagi eng muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA