O‘zbekiston davlat konservatoriyasi va Nukus filiali TOP-20 talikda
Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan bitiruvchilar sifati indeksi natijalari asosida eng yuqori ko‘rsatkich qayd etgan TOP-20 oliy ta’lim muassasasi ro‘yxati e’lon qilindi.
Mazkur reyting bitiruvchilarning ta’lim jarayonida egallagan bilim va ko‘nikmalari, ularning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligi hamda ta’lim sifatini baholashga qaratilgan ko‘rsatkichlar asosida shakllantirilgan.
Ushbu ro‘yxatdan Madaniyat vazirligi tasarrufidagi O‘zbekiston davlat konservatoriyasi hamda uning Nukus filiali ham munosib o‘rin egalladi.
Ushbu natija ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish, zamonaviy o‘quv yondashuvlarini joriy etish, malakali mutaxassislar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston davlat konservatoriyasi va uning Nukus filialining TOP-20 talikdan o‘rin olishi musiqa ta’limi sohasida malakali kadrlar tayyorlash, ijodiy va kasbiy salohiyatni yuksaltirish borasidagi sa’y-harakatlarning munosib e’tirofi bo‘ldi.
Mazkur natija konservatoriya jamoasining ta’lim sifatini yuksaltirish, talabalarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda ularni zamonaviy mehnat bozori talablariga mos mutaxassislar etib tayyorlash yo‘lidagi izchil faoliyati samarasi sifatida baholanadi.
Mazkur e’tirof konservatoriya va uning Nukus filialida ta’lim sifatini muntazam takomillashtirib borishga qaratilgan tizimli ishlar samarasi ekanini ko‘rsatadi. Reyting natijalari professor-o‘qituvchilarning kasbiy mahorati, zamonaviy ta’lim usullaridan samarali foydalanish va talabalar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarning muhim ahamiyat kasb etishini yana bir bor tasdiqlaydi.
Ayniqsa, bitiruvchilarning kasbiy faoliyatda o‘z o‘rnini topishi va mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassis sifatida shakllanishi ta’lim muassasalari faoliyatining muhim natijalaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston davlat konservatoriyasi va Nukus filialida milliy musiqa merosini asrab-avaylash bilan bir qatorda, zamonaviy musiqa ta’limi va ijodiy yondashuvlarni uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qayd etilgan yuqori natija talabalarning ijodiy salohiyatini rivojlantirish, ularni xalqaro va milliy miqyosdagi tanlov hamda festivallarga tayyorlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi. Kelgusida ham ta’lim sifatini yanada oshirish, zamonaviy o‘quv dasturlarini takomillashtirish va musiqa san’ati sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash borasidagi ishlar izchil davom ettiriladi.
N.Usmonova, O‘zA