Tadbirkorlarga soliq imtiyozlari va yangi tartiblar tushuntirildi
Qashqadaryo viloyati soliq boshqarmasida tadbirkorlar va hisobchilar ishtirokida amaliy seminar o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Abdulaziz Soliyev, qo‘mita mas’ul xodimi Ismatilla Sevinchov hamda viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i Sirojiddin Eshmatov ishtirok etdi.
Muloqotda Prezidentning joriy yil 27-avgustdagi tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan hamda tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorliklarni qisqartirishga oid farmonlari mazmun-mohiyati tushuntirildi.
Jumladan, kichik tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirishga uch yillik moratoriy joriy etilishi, takroriy tekshiruvlar Biznes-ombudsman ruxsati bilan o‘tkazilishi, shuningdek, “Birinchi xato uchun – ogohlantirish” tamoyili asosida tadbirkorga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun 10 kun muddat berilishi haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, 1-sentabrdan 31-dekabrga qadar kichik va o‘rta biznes sub’ektlari uchun “Ikkinchi imkon” iqtisodiy amnistiyasi joriy etilgani, belgilangan shartlar bajarilgan taqdirda penyalar bekor qilinishi ta’kidlandi.
– Bugungi seminarda tadbirkorlarga berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Qiziqtirgan savollarimizga mutaxassislardan javob oldik, – deydi hisobchi Dilfuza Tursunova.
Seminar davomida tadbirkorlarni qiynab kelayotgan ayrim muammolar ham muhokama qilinib, ularning yechimi yuzasidan mas’ullar belgilandi.
[gallery-31344]
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari