O‘zbekiston bojxonasi raqamlashmoqda
Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi Yan Sanders O‘zbekistonda bojxona tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, sohani raqamlashtirish borasidagi ishlar hamda tadbirkorlar uchun yaratilayotgan zamonaviy imkoniyatlar bilan tanishish maqsadida Bojxona qo‘mitasiga tashrif buyurdi.
Mehmonni Bojxona qo‘mitasi raisi A.Mavlonov kutib olib, uning O‘zbekistonga ilk tashrifini qutladi. Tashrif davomida Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi dastlab Bojxona rasmiylashtiruv markazi faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda bojxona rasmiylashtiruv jarayonlarini raqamlashtirish, hujjatlarni elektron shaklda rasmiylashtirish, tadbirkorlar uchun yaratilgan qulayliklar va zamonaviy xizmat ko‘rsatish mexanizmlari haqida ma’lumot berildi.

Qayd etish joizki, bojxona sohasida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish rasmiylashtiruv jarayonlarini tezlashtirish, inson omilini kamaytirish va tadbirkorlarning vaqt hamda xarajatlarini tejashga xizmat qilmoqda. 2026-yilning shu davriga qadar O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi 35,5 milliard AQSH dollaridan oshdi. Shu davr mobaynida 715 mingta bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirildi.

Sohani raqamlashtirish natijasida bojxona yuk deklaratsiyalarining 54 foizi soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilgan. Inson omilisiz amalga oshirilgan rasmiylashtiruvlar ulushi esa 21,8 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkichlar bojxona xizmatlarini yanada zamonaviy va shaffof tizimga aylantirishda raqamli yechimlarning ahamiyati ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida 7 532 nafar eksportyor va 46 026 nafar importyorning ortiqcha vaqt va xarajatlari tejalishiga erishildi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston bojxona tizimida joriy etilayotgan ilg‘or raqamli texnologiyalar, avtomatlashtirilgan xizmatlar va xalqaro standartlarni tatbiq etish borasidagi tajriba ham muhokama qilindi. Bunday hamkorlik mamlakatimiz bojxona ma’muriyatchiligini xalqaro talablar asosida takomillashtirish, tashqi savdo ishtirokchilari uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish va sohada zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini keng joriy etishga xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA