Farmon tadbirkorlar uchun “samarali nazorat” tizimini yaratmoqda
Prezidentimizning 2026-yil 27-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga asossiz aralashuvlarni kamaytirish, nazorat va tekshiruvlarni maqbullashtirish, tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini yanada kuchli himoya qilishga qaratilgan muhim chora-tadbirlar belgilandi.
Mazkur hujjat tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan davlat nazoratini jazolashga emas, balki profilaktika, xavflarni oldindan aniqlash va tadbirkorlik faoliyati uchun qulay sharoit yaratishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.
Mazkur hujjat bilan kichik tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini har qanday tekshirishga uch yil muddatga moratoriy joriy etilgani muhim yangiliklardan biri bo‘ldi. Lekin bu moratoriy mutlaq xarakterga ega emas. Jinoyat ishi doirasidagi tekshirishlar, inson sog‘lig‘iga ta’sirini o‘rganish, mehnat qonunchiligiga rioya etilishini tekshirish, fuqarolar murojaatlari, qo‘shilgan qiymat solig‘ini qoplash (qaytarish) hamda tadbirkorlik sub’ekti tugatilishi munosabati bilan o‘tkaziladigan tekshirishlar bundan mustasnodir. Bunday yondashuv tadbirkorlik sub’ektlarini asossiz tekshiruvlardan himoya qilib, jamoat xavfsizligi, inson salomatligi, mehnat huquqlari va soliq majburiyatlarini ta’minlash bilan bog‘liq holatlarda davlat nazoratini saqlab qolish imkonini beradi. Moratoriy davrida kichik tadbirkorlik sub’ektlarini belgilangan istisnolardan tashqari tekshirish noqonuniy hisoblanib, bunday huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi
Farmonda Biznes-ombudsmanning “Samarali nazorat” tadbirini o‘tkazishi ham belgilab qo‘yilgan. Bu tadbirning ahamiyati shundaki, endi nazorat faqat tadbirkorlik sub’ektining faoliyati bilan cheklanib qolmay, nazorat qiluvchi organlarning o‘zi tomonidan tekshiruvlarni amalga oshirishda qonun talablariga rioya etilgani ham baholanadi. Jumladan, nazorat organlarining so‘nggi uch yillik tekshiruv materiallari joyiga chiqqan holda to‘liq o‘rganiladi. Tekshiruvlarni o‘tkazish jarayonida yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilishlar aniqlangan taqdirda aybdorlarga nisbatan vakolat doirasida tegishli choralar ko‘riladi. Eng muhimi, tekshiruv o‘tkazish tartibi buzilgan yoki noqonuniy tekshiruvlar aniqlangan hollarda tadbirkorlik sub’ektlarining buzilgan huquqlarini tiklash choralari ko‘riladi. Sodda qilib aytganda, davlat nazoratining o‘zi ham nazorat ob’ektiga aylanadi. Bu esa tadbirkorlar huquqlarini himoya qilishning profilaktik mexanizmlarini kuchaytiradi.
Tahlillarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda nazorat qiluvchi organlar tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan 6 ming 571 ta tekshiruv o‘tkazgan. Ularning 3 ming 79 taasi yoki 46,8 foizi viloyat soliq boshqarmasiga to‘g‘ri kelmoqda. Soliqchilar o‘tkazgan tekshiruvlar ulushi juda yuqori bo‘lib, bu tadbirkorlarning hisob-kitob yuklamasini oshiradi, ortiqcha byurokratiyaga olib keladi. Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi 2 ming 147 ta tekshiruv o‘tkazib, asosan yong‘in xavfsizligi va favqulodda holatlarga tayyorgarlik darajasini o‘rgangan. “O‘zenergoinspeksiya”ning hududiy bo‘limi elektr uskunalaridan xavfsiz foydalanish talablari bo‘yicha 369 ta, “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi agrosanoat mahsulotlari sifati va agrotalablari bajarilishi yuzasidan 218 ta nazorat tadbiri o‘tkazgan. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi 168 ta, viloyat qurilish sohasidagi xududiy nazorat inspeksiyasi 123 ta, viloyat ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi 117 ta tekshiruv tashkil etgan. 350 ta yoki jami nazorat tadbirlarining 5,7 foizi boshqa nazorat qiluvchi organlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Shu o‘rinda aytish kerakki, shu paytgacha ba’zan tadbirkorlik sub’ektlarida takroriy tekshiruvlar ham tashkil etilib, ularning faoliyatiga ortiqcha aralashuvlarga sabab bo‘layotgan edi. Farmonda 2027-yil 1-yanvardan boshlab tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida bir yil davomida o‘tkaziladigan har qanday takroriy tekshiruv faqat Biznes-ombudsman ruxsati bilan amalga oshirilishi belgilandi. Bundan kameral soliq tekshiruvi mustasno hisoblanadi.
Yangi tartib tadbirkorning bir xil masala yuzasidan turli nazorat organlari tomonidan qayta-qayta tekshirilishi, bir xil hujjatlarni takroran talab qilish va tadbirkorlik faoliyatiga ortiqcha aralashishning oldini olishga xizmat qiladi. Amaliyot nuqtai nazaridan, ushbu norma tadbirkor uchun vaqt va ma’muriy xarajatlarni kamaytirish, davlat nazoratini maqsadli tashkil etish imkoniyatini beradi.
Tadbirkorlik muhiti uchun muhim yangiliklardan yana biri – “Birinchi xato uchun — ogohlantirish” qoidasi joriy etilayotgani bo‘lib, 2027-yil 1-yanvardan tadbirkorlik sub’ektlariga moliyaviy jarimalar qo‘llashda birinchi marta sodir etilgan ayrim huquqbuzarliklar uchun darhol jarima solish o‘rniga, kamchilikni bartaraf etish imkoniyati yaratiladi. Agar huquqbuzarlik fuqarolar hayoti va sog‘lig‘iga yoki o‘zgalar mulkiga zarar yetkazmagan bo‘lsa, tadbirkorga kamchilikni bartaraf etish uchun 10 kun muddat beriladi. Bu tartib tadbirkorni jazolashdan ko‘ra, uni qonun talablariga rioya qilishga yo‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Farmon bilan 2027-yil 1-yanvardan 2028-yil 31-dekabrga qadar huquqiy eksperiment sifatida o‘rta va yirik tadbirkorlik sub’ektlari uchun tashabbus tarzidagi audit mexanizmi joriy etilayotgani, audit jarayonida aniqlangan xato va kamchiliklar 30 kun ichida bartaraf etilsa, tadbirkorlik sub’ektiga nisbatan moliyaviy jarimalar qo‘llanilmasligi ham yurtimizda sohaga qaratilayotgan e’tiborning amaldagi ifodasi bo‘lmoqda.
Yangi farmonning yana bir e’tiborga molik jihati unda tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatini tugatish yoki to‘xtatib turish sabablarini o‘rganishga ham alohida e’tibor qaratilayotganidir. Buning uchun 2027-yil 1-yanvardan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tugatish va to‘xtatib turish sabablarini doimiy tadqiq etish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bunda tadbirkorlik faoliyatini tugatish yoki to‘xtatib turish haqida ariza berilganda, uning sabablari qayd etib boriladi. Keyinchalik ushbu ma’lumotlar tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimida avtomatik tahlil qilinadi. Bu yangilik davlat organlari tadbirkorlik sub’ektlari nima sababdan bozordan chiqib ketayotganini aniq statistik ma’lumotlar asosida baholab borishiga qulay muhit yaratadi. Misol uchun, ma’lum bir hududda tadbirkorlar faoliyatining tugatilishiga soliq yuki, kredit olish imkoniyatining cheklangani, elektr energiyasi yoki yer masalalari, tekshiruvlar, ma’muriy to‘siqlar yoki boshqa omillar sabab bo‘layotgan bo‘lsa, kelgusida davlat siyosati ushbu muammolarni bartaraf etishga yo‘naltirilishi mumkin.
Biznes muhitida yuz berayotgan bu o‘zgarishlar shartli ifodalanganda ortiqcha tekshiruv → xavflarni tahlil qilish → profilaktika → xatoni bartaraf etish → qonunbuzilish takrorlanganda javobgarlik zanjirini shakllantirib, tadbirkorlik faoliyatini cheklashdan ko‘ra, qonunbuzilishlarning oldini olishga ustuvor ahamiyat berishni anglatadi. “Ko‘proq tekshirish” emas, balki “samarali nazorat” tizimini yaratadi.
A.Bahromov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni Surxondaryo hududiy shu’basi bosh inspektori.
O‘zA
-0-
.