O‘zbekiston-BMTTD: “yashil”, barqaror va inklyuziv iqtisodiyotga o‘tish jarayoni jadallashmoqda
Bugun Toshkentda “Qo‘shma kreditlash mexanizmi orqali innovatsion dekarbonizatsiya yechimlarini ilgari surish hamda O‘zbekistonda davlat binolari va jamoat transportining dekarbonizatsiya salohiyatini namoyish etish” qo‘shma loyihasining yakuniy tadbiri o‘tkazildi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) va O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda loyiha ijrochilari va manfaatdor tomonlar ishtirok etdi.
Unda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi doimiy vakili Akiko Fujii, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bo‘limi boshlig‘i Shahzod Islomov, Sirdaryo tumani hokimi Azizbek Turdimurodov va boshqalar hamkorlikda amalga oshirilayotgan ushbu loyihaning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtirilgan ushbu tashabbus dekarbonizatsiya bo‘yicha amaliy yechimlarni sinovdan o‘tkazish, faktlarga asoslangan iqlim siyosatini mustahkamlash va O‘zbekistonning barqaror kelajakka o‘tishini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
– Ushbu tashabbuslar MRV va ESG tamoyillari bilan uyg‘un holda amalga oshirilmoqda. Bu kelgusidagi siyosat uchun bilim, xulosalar va tavsiyalar almashishda eng yaxshi imkoniyatlardan biri hisoblanadi.
Ushbu maqsadlar shaharsozlik va logistika sohalarida amalga oshirilgan hamda xalqaro majburiyatlar doirasida qabul qilingan tashabbuslarni qamrab oladi. Bu majburiyatlar AQSH, BMT va xalqaro hamjamiyat oldida o‘tgan yili e’lon qilingan bo‘lib, 2035-yilga qadar issiqxona gazlari chiqindilarini 50 foizga qisqartirishdek ulkan maqsadni o‘z ichiga oladi. Ushbu loyiha milliy maqsadlarimiz bilan uyg‘un. Shu bilan birga, bu harakatlar global isishni to‘xtatishga qaratilgan umumjahon sa’y-harakatlariga ham xizmat qiladi. Asosiy maqsadimiz “yashil”, barqaror va inklyuziv iqtisodiyotga o‘tish jarayonini jadallashtirishdir, – dedi Sh. Islomov.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda beshta pilot tashabbus Toshkent shahrining Mirobod tumanida va Sirdaryo viloyatining qishloq hududlarida amalga oshirilmoqda. Uning doirasida maktablar, bolalar bog‘chalari va poliklinikalar kabi davlat muassasalariga sakkizta propan asosidagi issiqlik nasoslari va o‘ttiz sakkizta konditsioner o‘rnatildi. Ushbu modernizatsiya eskirgan elektr va ko‘mir asosida ishlovchi isitish tizimlarini almashtirib, ko‘mir iste’molini 115 tonnaga kamaytirishga va issiqxona gazlari chiqindilarini yiliga 215,4 tonnaga qisqartirishga yordam beradi.
Tashabbus bolalar uchun qulay sharoit yaratishni maqsad qilgan bo‘lib, yangillangan tizimlar ta’lim muassasalarida sog‘lom va xavfsiz muhitni mustahkamlaydi. Shuningdek, loyiha doirasida Toshkentdagi Shota Rustaveli ko‘chasida havo sifatini monitoring qilish stansiyasi ishga tushirilib, hududdagi 120 000 nafardan ortiq aholiga foyda keltirmoqda.
– Bu yutuqlar shunchaki texnik yechimlar emas. Ular yanada puxta va ongli siyosiy qarorlar qabul qilish uchun mustahkam asos yaratadi. Sirdaryo tumani ushbu dekarbonizatsiya yechimlarini amalda joriy etib, sinovdan o‘tkazib va o‘z samarasini namoyish etgan pilot hudud sifatida faxrlanadi. Biz yanada toza va barqaror yo‘lni davom ettirishga tayyormiz, – dedi Sirdaryo tumani hokimi Azizbek Turdimurodov.
Shuningdek, tadbirda O‘zbekistonning yangi “Qazilma yoqilg‘i subsidiyalari inventarizatsiyasi milliy metodologiyasi” taqdim etildi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA