1-apreldan O‘zbekistonda ayrim to‘lovlar naqdsiz shaklga o‘tadi (+video)
2026-yil 1-apreldan boshlab O‘zbekistonda ayrim turdagi to‘lovlarni faqat naqdsiz shaklda amalga oshirish tartibi joriy etiladi. Mazkur o‘zgarishlar yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun media muloqot tashkil etildi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank, Soliq qo‘mitasi hamda Adliya vazirligi hamkorligida Prezidentning 2025-yil 10-dekabrdagi "Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni mazmun-mohiyatini tushuntirish maqsadida o‘tkazildi.
Media muloqotda 2026-yil 1-apreldan kuchga kiradigan yangi tartiblar, ayrim turdagi to‘lovlarni bosqichma-bosqich naqd pulsiz shaklga o‘tkazish, iqtisodiyotda shaffoflikni ta’minlash hamda naqd pul aylanmasini qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, tadbir davomida naqdsiz hisob-kitoblarning afzalliklari, yirik bitimlarda bank orqali to‘lovlarni amalga oshirish tartibi, fuqarolar va tadbirkorlar uchun yaratilayotgan qulayliklar, yangi tartibning soliq ma’murchiligi va iqtisodiy shaffoflikka ta’siri kabi muhim masalalar yuzasidan mutasaddi idoralar vakillari tomonidan tushuntirishlar berildi.
Matbuot anjumanida qayd etilishicha, naqdsiz to‘lovlar respublikada aylanadigan 28 mingta tovarlar savdosiga ta’sir qiladi. Bunday to‘lovlar respublikadagi umumiy tovarlar savdosining 7 foizini qamrab oladi. Naqd pulsiz to‘lov natijasida banklarda trillionlab mablag‘ aylanishi aytildi. Naqd pulsiz to‘lov qiyinchilik emas, balki qulaylik yaratish maqsadida qilinmoqda.
[gallery-28398]
–Avtomobillarga yonilg‘i quyish va gaz to‘ldirish shoxobchalarida naqd pulsiz to‘lov qilishda muammo bo‘lmasligi uchun sharoit yaratiladi. Naqd pulsiz to‘lovga o‘tilishi fuqarolar uchun tushunarli va qulay bo‘ladi, – dedi Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Saydullayev. – Buning natijasida to‘lov tarixi shakllanadi, aholi va biznesning dalil bazasi yaratiladi.
Matbuot anjumanida so‘z olgan iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov naqdsiz to‘lovlar ortidan banklarda pul aylanishi ko‘payishini ma’lum qildi.
–Har 100 ta mashina sotilishi bank tizimiga o‘rtacha 20 milliard so‘m pul kiritilishini anglatadi, – deydi iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov. – Bu ko‘rsatkich yillik hisobda 60 trillion so‘mga yetishi mumkin. Naqd pulsiz to‘lov natijasida banklarda trillionlab mablag‘ aylanadi.
Shu bilan birgalikda, uy-joy va avtomobil sotuvida naqdsiz bitimlarda narx qanday belgilanishiga davlat organlari aralashmasligi va nazorat qilmasligi aytildi. Qonunchilikdan kelib chiqib, Eskrou hisobvaraqlar orqali uy-joy va avtomobil oldi-sotdisi faqat milliy valyutada o‘tkazilishi qo‘shimcha qilindi.
–Naqdsiz to‘lovlar respublikada aylanadigan 28 mingta tovarlar savdosiga ta’sir qiladi. Bunday to‘lovlar respublikadagi umumiy tovarlar savdosining 7 foizini qamrab oladi, – deydi Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev. – Shundan 27 mingtasi alkogol mahsulotlari, 561 tasi ko‘chmas mulk, 5 mingtasi 25 million so‘mdan qimmat sotiladigan tovarlar.
Farmonga muvofiq, 2026-yil 1-apreldan ayrim tovar va xizmatlar uchun to‘lovlar faqat naqdsiz shaklda amalga oshiriladi. Jumladan, ko‘chmas mulk va transport vositalari oldi-sotdi shartnomalari bo‘yicha hisob-kitoblarni tasdiqlashning yangi tartibi joriy etildi. Buning uchun notariuslar va banklar o‘rtasida elektron ma’lumot almashish tizimi yo‘lga qo‘yildi hamda tegishli nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Yangi tartibga ko‘ra, xaridor yoki uning vakili bankka yozma yoki elektron shaklda murojaat qiladi. Shartnoma bo‘yicha kelishilgan mablag‘ bank tomonidan Eskrou hisobvarag‘iga kiritiladi.
Agar shartnoma to‘lovni kechiktirish sharti bilan tuzilgan bo‘lsa, Eskrou hisobvarag‘iga boshlang‘ich mablag‘ kiritiladi. Shartnoma kredit mablag‘lari hisobidan amalga oshirilganda, kredit ajratayotgan bank notariusga elektron xabar yuboradi.
Shuningdek, bank kartasi talab qilib olinguncha hisobvarag‘i, elektron hamyon, eskrou hisobvarag‘i sifatida foydalanilishi mumkin. Notarius Eskrou hisobvarag‘ida mablag‘ mavjudligini elektron tarzda tekshirib, shartnomani tasdiqlaydi. Shartnoma tasdiqlanganidan keyin pul mablag‘lari sotuvchi hisobvarag‘iga o‘tkaziladi yoki uning so‘roviga ko‘ra naqd shaklda beriladi.
Qanday to‘lovlar naqdsiz amalga oshiriladi?
2026-yil 1-apreldan davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar, elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi uchun to‘lovlar, alkogol va tamaki mahsulotlari naqdsiz shaklda amalga oshiriladi. Transport vositalariga yoqilg‘i quyish va zaryadlash xizmatlari, 25 million so‘mdan oshgan tovar va xizmatlar (qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan tashqari), ko‘chmas mulk ob’ektlari, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan transport vositalari naqdsiz shaklda amalga oshiriladi.
Farmonga muvofiq, 2026-yil 1-yanvarga qadar savdo va xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarda yagona QR-kod joriy etiladi. 2026-yil 1-iyuldan barcha savdo va xizmat ko‘rsatish sub’ektlarida QR-kod orqali to‘lov qabul qilish majburiy bo‘ladi. Yagona QR-koddan foydalanmaslik savdo qoidalarini buzish deb baholanadi.
Matbuot anjumanida qayd etilishicha, Prezident farmoniga ko‘ra, 2030-yilgacha yashirin iqtisodiyot ulushini 1,3 baravarga qisqartirish, naqdsiz to‘lovlar ulushini 75 foizga, rasmiy bandlik ulushini 64 foizga yetkazish, xalqaro reytinglarda O‘zbekiston o‘rnini kamida 30 pog‘onaga yaxshilash rejalashtirilgan.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mazkur yangiliklar aholi va tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulaylik yaratib, moliyaviy munosabatlarni yanada shaffof va zamonaviy shaklda rivojlantirishga xizmat qiladi.
Media muloqot davomida jurnalistlar va blogerlarning savollariga mutasaddi idoralar vakillari tomonidan batafsil javob berildi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/r2ySvo2HVLU?si=asA6xw9orQJpcXRG" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shahnoza Mamaturopova,
Asliddin Alijonov (surat), O‘zA