O‘zbekiston 100 000 nafar hind sayyohini jalb qilishni ko‘zlamoqda
O‘zbekiston Hindistonni o‘sish bo‘yicha ustuvor bozor sifatida biladi. Mamlakatimizda infratuzilmani yangilash, aviaqatnovlarni kuchaytirish va faol savdo hamkorligiga asoslangan global turizmni kengaytirish strategiyasi jadallashmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasining Marketing boshqarmasi boshlig‘i Aziz Mirjalilov Dehlida bo‘ib o‘tgan xalqaro ko‘rgazmaning O‘zbekiston pavilonida so‘zlagan nutqida Toshkentning Janubiy Osiyodan tashrif buyuruvchilar sonini oshirish rejalarida Hindiston markaziy o‘rin tutishini ta’kidladi. Bunda chuqur tarixiy aloqalar va geografik yaqinlikka tayaniladi.
Dehli va Toshkent o‘rtasidagi parvoz taxminan ikki soat davom etadi, bu ko‘rsatkich Hindistonning ichki qatnovlari vaqti bilan bir xil. Hozirda haftasiga 13 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekiston o‘zini Markaziy Osiyodagi asosiy transport xabi sifatida namoyon qilayotgan bir paytda, talabni qondirish uchun bu ko‘rsatkichni yanada oshirish talab etiladi.
Mamlakatimizning turizm sohasi so‘nggi o‘n yil ichida keskin o‘sdi: xalqaro sayyohlar oqimi 2016-yildagi 2 milliondan o‘tgan yili qariyb 12 millionga yetdi. Turizm hukumat darajasida strategik ustuvor yo‘nalish deb belgilangani sababli, O‘zbekiston kelgusi yillarda 20 million sayyohni jalb qilishni maqsad qilgan. Bu esa mehmonxonalar, transport tarmoqlari va tashrif buyuruvchilarga xizmat ko‘rsatish sohasiga yirik sarmoyalar kiritilishiga sabab bo‘lmoqda. Yiliga 30 milliondan ortiq fuqarosi chet elga sayohat qiladigan Hindiston yuqori salohiyatli bozor hisoblanadi. O‘tgan yili O‘zbekiston 80 mingga yaqin hind sayyohini qabul qildi va joriy yilda bu ko‘rsatkichni kamida 100 mingga yetkazish rejalashtirilgan. Tarixiy meros turizmi hamon O‘zbekistonning eng kuchli yo‘nalishi bo‘lib qolsada, rasmiylar hind sayyohlari uchun takliflarni diversifikatsiya qilmoqda. Mamlakatda 8000 dan ortiq tarixiy obidalar mavjud bo‘lib, ulardan 250 tasi YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz kabi shaharlarda joylashgan — bu maskanlar uzoq vaqtdan beri sivilizatsiyalar chorrahasi deb hisoblanadi.
Yurtimizda madaniy turizmdan tashqari, MICE (uchrashuvlar, xalqaro konferensiya va ko‘rgazmalar), to‘y turizmi, kinoturizm, sog‘lomlashtirish va ta’lim turizmi yo‘nalishlarini faol rivojlantirmoqda. Qolaversa, hozirda ko‘plab hind talabalari O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida tahsil olmoqda. MICE segmentini qo‘llab-quvvatlash uchun yirik konvensiya infratuzilmasi, jumladan, Toshkentdagi inshootlar va Samarqanddagi «Ipak yo‘li» turizm markazi barpo etildi. Ushbu markaz Kongress markazi, ko‘rgazma maydonlari, bir nechta premium mehmonxonalar va yangi qurilgan «Boqiy shahar» majmuasini o‘z ichiga oladi.
Sayohatni osonlashtirish uchun O‘zbekiston viza rejimini liberallashtirish va mehmonxona biznesi, jumladan, Hindiston brendi ostidagi mehmonxonalar bilan hamkorlikni kengaytirmoqda. Toshkent xalqaro aeroportidan bir soatlik masofada joylashgan «Amirsoy» kurorti kabi yo‘nalishlar ham charter reyslar va mavsumiy narx strategiyalari orqali targ‘ib qilinmoqda. Hindiston turizm bozori bilan aloqalar roudshoular, tanishuv safarlari, B2B platformalari va vebinarlar orqali kengaytirildi.
Qo‘shni Markaziy Osiyo davlatlari asosiy bozor bo‘lib qolsada, O‘zbekistonga Rossiya, Yevropa, AQSH va Janubi-Sharqiy Osiyodan ham sayyohlar oqimi oshdi. Malayziya, Indoneziya va Turkiya, shuningdek, mamlakatdagi buddaviylik merosi yodgorliklariga qiziquvchi Sharqiy Osiyo davlatlaridan ham qiziqish ortib bormoqda. Hukumatning doimiy qo‘llab-quvvatlashi va kengayib borayotgan infratuzilma tufayli, O‘zbekiston hind sayyohlari uchun yaqin masofadagi istiqbolli xalqaro yo‘nalish sifatida namoyon bo‘lmoqda.
O‘zA