BMT turizm tashkiloti bosh kotibi Samarqandda bo‘ldi
Mamlakatimizga tashrif buyurgan BMT turizm tashkiloti bosh kotibi Shayxa Nosir Al Novays bugun qadimiy va hamisha navqiron Samarqandda bo‘ldi.
Yuqori martabali mehmon dastlab Samarqand shahrida o‘zi rahbarlik qilayotgan tashkilot bilan hamkorlikda ilk bor tashkil etilgan “Ipak yo‘lida turizm” tematik ofisining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.
Marosimda Shayxa Nosir Al Novays hamda O‘zbekiston Respublikasi turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov so‘zga chiqib, ushbu tematik ofis tarixiy Ipak yo‘li bo‘ylab turizmni rivojlantirish, madaniy merosni asrash va turizm sohasida innovatsion loyihalarni amalga oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Xususan, muassasa qadimiy Ipak yo‘li o‘tgan 34 davlat bilan turizm sohasida hamkorlikni kengaytirish, madaniy aloqalarni chuqurlashtirish hamda mintaqa mamlakatlarining sayyohlik salohiyatini oshirishga qaratilgani qayd etildi.
Shundan so‘ng tadbir qatnashchilari ushbu muassasa bilan yonman-yon joylashgan xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusi faoliyati bilan tanishdi. BMT turizm tashkilotining mazkur akademiyasi nafaqat O‘zbekiston, balki mintaqadagi boshqa davlatlar turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
[gallery-28549]
Shayxa Nosir Al Novays xonim ishtirokida akademiyaning “Mehmondo‘stlik boshqaruvi” o‘quv dasturini muvaffaqiyatli tugatgan 20 nafar bitiruvchilariga xalqaro sertifikatlarni tantanali topshirish marosimi ham o‘tkazildi.
Tadbirda yaqin kunlarda boshlanishi kutilayotgan navbatdagi “Mehmonxona boshqaruvi” va “Barqaror turizm” xalqaro o‘quv dasturini amalga oshirishda e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan jihatlar, soha kadrlarining xalqaro standartlarga asosan ko‘nikmalarini rivojlantirishning muhimligi qayd etildi.
Bosh kotib xonim “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universitetida ham bo‘lib, professor-o‘qituvchilar va talabalar bilan uchrashdi. Uchrashuvda turizm sohasidagi innovatsiyalar, xalqaro hamkorlik istiqbollari va kasbiy rivojlanish masalalari muhokama qilindi. Talabalar o‘z taklif va tashabbuslarini bildirib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Samarqandga tashrif davomida Shayxa Nosir Al Novays Konigil turizm qishlog‘ida bo‘lib, qadimiy Samarqand qog‘ozini ishlab chiqarish jarayonlari va boshqa hunarmandlar, turizm sohasi vakillari faoliyati bilan tanishdi. Shuningdek, tarixiy-madaniy yodgorliklar va diqqatga sazovor joylarni tomosha qildi.
Ayniqsa, yangidan bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasi yuqori martabali mehmonda unutilmas taassurot qoldirdi.
– Bu yerda bo‘lish men uchun juda katta sharaf, – dedi Shayxa Nosir Al Novays xonim. – Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan buyuk muhaddisning islom olamidagi maqomi va nufuziga mos bunday ulug‘vor majmua yaratish xalqning boy ma’naviy merosini asrab-avaylash hamda muqaddas islom dinining mohiyatini kelgusi avlodlarga tushuntirishga xizmat qiladi. Men dunyoning ko‘p davlatlarida bo‘lib, kishini hayratga soladigan mo‘’jizalarni, obidalarni ko‘rganman, lekin bu yerdagichalik hayrat, havasni his qilmagandim.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari